Og‘ir ijtimoiy vaziyatdagi ayollar Samarqand shahar hokimligiga taklif etildi
Aslida, ularning ro‘yxati ancha oldin shakllantirilgandi. Hokimlik va viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashining ishchi guruhi shahardagi xotin-qizlarning hayoti, turmush sharoitini o‘rganib, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, nogironligi bo‘lgan ayollarga qanday tartibda ko‘maklashish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqdi.
Samarqand shahar hokimi B.Obloqulov, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi raisi S.Rafiqov o‘rganish natijalari bo‘yicha ma’lumot berib, shahardagi har bir xotin-qizning taqdiri, hayoti doimiy e’tiborda ekanligini ta’kidladi. Ayniqsa, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan oila bekalari davlatimizning himoyasida bo‘lishi, ular bu vaziyatdan chiqib ketishi uchun zarur yordam ko‘rsatilishi qayd etildi.
Hokimlik binosiga taklif etilgan xotin-qizlarga Samarqand shahrida xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va hal etish, ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar dasturi asosida 47 million 300 ming so‘mlik moddiy ko‘mak ko‘rsatildi. Jumladan, 19 nafar ishsiz oila bekalariga tikuv mashinasi topshirildi. Shuningdek, 7 nafar xotin-qizga 2 million so‘mdan moddiy yordam olish uchun sertifikat, bir nafar ayolga dori-darmon uchun 3 million so‘m va 1 nafar jismoniy imkoniyati cheklangan fuqaroga nogironlik aravachasi berildi.
– Samarqand shahrida yashovchi bir nafar ayol ishsiz qolsa ham xotirjam bo‘lmaymiz, – dedi B.Obloqulov. – Demak, xotin-qizlar bandligini ta’minlashni tizimli tashkil etib, ularni har tamonlama qo‘llab-quvvatlagan holda, oilaviy xotirjamlikka erishgunlaricha suyanch bo‘lishimiz kerak. Bugun ham xuddi shu maqsad bizni birlashtirdi.