O‘g‘lim yotlik qildi, hokim muruvvat ko‘rsatdi…

Hayot meni siylamadi, hali yosh paytimdayoq ko‘p sinovlarni boshimdan kechirdim. Beshinchi sinfda o‘qiyotgan qizalog‘im turmush o‘rtog‘im bilan avtohalokatga uchrab, hayotdan erta ko‘z yumdi. Ona uchun farzand dog‘i qandayligini faqat buni boshidan o‘tkazganlar biladi. Keyin suyanchig‘imsiz qolganim ham taqdirimga bir zarba bo‘ldi. Nachora, Xudoning sinovi ekan-da. Bir o‘g‘limni o‘zim tarbiyalab, voyaga yetkazdim.

Yillar salomatligimga putur yetkazdi, birinchi guruh nogironiga aylandim. O‘g‘lim ham uylangach, xotini bilan ketdiyu, onadan xabar olish yodidan ko‘tarildi. Bu ham bir sinov ekan. Yolg‘iz, keksa ayol nurab yotgan uyda, qarovsiz yashab yurgandim, to‘g‘risi, qiynalib ketdim.

Televizorda har doim hokim xalq bilan uchrashyapti, odamlarning muammolari hal bo‘lyapti, degan gaplarni eshitgach, tavakkal shunday uchrashuvlardan biriga bordim.

Tumonat odam, hamma dard bilan kelgan. Menga navbat yetadimi-yo‘qmi, deya ikkilanib o‘tirdim. Keksaligimmi yo yurishga qiynalayotganim hisobga olinibmi, darrov yo‘l bo‘shatishdi. Sog‘ligimni tiklashni, uyimni ozroq bo‘lsa ham epaqaga keltirishlarini so‘radim.

Viloyat hokimi E.Turdimov so‘zlarimni tinglagach, yonidagilarga topshiriq berdi. Bu topshiriq qachon bajarilarkan, deb uyga qaytdim.

Ammo oradan ko‘p o‘tmay, abgorgina uyim odam o‘tiradigan holga keltirildi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasidagilar sog‘lig‘imga e’tibor qaratib, muolaja qilishdi.

Ba’zida o‘zimni hech kimga keraksiz hisoblab, o‘ksib qolardim. Viloyat hokimining menday bir keksa kishining murojaatini e’tiborsiz qoldirmay yordam berganidan quvondim, shukur qildim.

Gulsum Tagiyeva,
Samarqand shahri, Damariq mahallasi.