Okdaryolik otaxonlar Samarqand shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini kuzatdi

«Nuroniy» jamg‘armasi Okdaryo tuman bo‘limi tashabbusi bilan tumanda yashovchi bir guruh nuroniy otaxonlar Samarqand shahridagi tarixiy qadamjolar va diqqatga sazovor joylarga sayohat qildi.

Otaxonlar dastlab Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov mangu qo‘nim topgan tabarruk majmuadan bo‘lishdi va Hazrati Xizr majmuasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi. 

So‘ngra ko‘hna shahardagi qator tarixiy qadamjolarni ziyorat qildi, ayni kunlarda amalga oshirilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlarini kuzatdi. Bog‘ibaland mahallasidagi yangitdan tashkil etilgan sayyohlik manzili - anjirzorda bo‘lishdi.

– Muqaddas qadamjolarga kelgan kishi qalban poklanib, ruhan tetiklashadi, – deydi «Nuroniy» jamg‘armasi tuman bo‘limi raisi Toshpo‘lat Ashurov. – Bunday tabarruk joylarni ziyorat qilgan kishi shunday zaminda yashayotganiga shukrona aytadi. Shuningdek, sayohatimiz davomida shahardagi Bo‘stonsaroy va Rudakiy ko‘chalari kesishmasida barpo etilayotgan transport tunneli qurilishi bilan tanishdik. Quruvchilar bilan suhbatlashdik, ularga kuch-quvvat tiladik.