Okeanlar suvosti vulqonlari sayyoramiz iqlimiga tahdid solmoqda

Olimlar suvosti vulqonlari faolligi oshishi xatarli tus olayotganini qayd etdi. Ilgari okeanlar tubidagi vulqonlar otilishi quruqlikdagidan kam deb hisoblanardi. Ammo yangi tadqiqotlar bunday emasligini ko‘rsatdi.

Hozirda okean tubi ulkan issiqlik va qaynoq massa chiqaradigan xatarli doshqozonga aylangan. Vulkonologlar aynan ana shu yerosti energiyasi sayyoramiz iqlimiga doimiy ta’sir o‘tkazayotganini ta’kidlaydilar. Ilgari qayd etib kelingan parnik effekti emas, ana shu okeanlar ostidan yuzaga ajralib chiqayotgan ulkan energiya suv yuzasi va Yer iqlimiga jiddiy ta’sir o‘tkazib sayyora yuzasi isishiga olib kelmoqda. Yer ostidan otilib chiqayotgan barcha vulqonlarning 80 foizi suv ostida ro‘y bermoqda. 2009 yilda Vest Mata vulqoni shunday kuch bilan otildiki, uning quvvati AQShni bemalol energiya bilan ta’minlashga yetardi.

Gidrotermal suvosti megaustunlari juda tez tarqaladi. Lids universitetida shunday otilishlarning matematik modeli tuzildi. Aniqlanishicha, buning uchun butun bir qit’aning energiyaga bo‘lgan ehtiyojini qoplashga yetadigan quvvat hosil bo‘lar ekan. Aynan ana shu suvosti vulqonlari faolligi yangi-yangi orollar paydo bo‘lishiga olib keladi. Ammo inson buni sezmaydi. Vulqon suv qa’rining aynan qayeridan otilishini bashorat qilish o‘ta murakkab vazifa.

Ba’zan suvosti vulqonlari quruqlikda kuchli silkiniishlarni vujudga keltiradi. Misol uchun, 2019 yilda Hind okeanida qudratli vulqon junbushga keldi. Bu butun dunyoda bir necha kuchli zilzilalarni keltirib chiqardi. Fransiyaning Mayota orolida uyg‘ongan vulqondan yer qopig‘i yorilib ketdi, undan 10 ming mil narida ham kuchli zilzila qayd etildi.

Tadqiqotchilar gidrotermal suyuqlik megaustunlari paydo qiladigan ulkan energiya sirlarini o‘rganishga endigina kirishdilar. Dastlabki xulosalar shuki, Yer yuzasi iqlimi isib borayotgani, muzliklar erishi tezlashayotgani, kutilmagan qurg‘oqchilik, yong‘inlar, suv toshqinlari, sellar ro‘y berishida okean tubidan otilayotgan qudratli vulqonlarning ta’siri katta.

“Mir novostey” (2021 y. 18-son) haftanomasidan T.Shomurodov tayyorladi.