Oldin quriladi, keyin hujjat qilinadi. Nega?

Bu haqda xalq deputatlari viloyat Kengashining 18-sessiyasida aytib o‘tildi. Aslida bu mutlaqo qonunga zid holat hisoblanadi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudida o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joy yoki qurilmalarni buzish bilan bog‘liq 2603 ta yoki 2019 yilga nisbatan 1600 dan ziyod ishlar ko‘rib tamomlangan.

Detutat Aziz Ahrorovning qayd etishicha, bunday holatlarda ayrim mansabdorlarning ham aybi, xatosi mavjud. Chunki ular noqonuniy qurilmalarga ham egalikni e’tirof etish to‘g‘risida hujjatlarni rasmiylashtirib bermoqda. Bu esa turli salbiy oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.

- O‘rinli masala ko‘tarildi, - dedi viloyat hokimi E.Turdimov. - Mulkiy nizolarga sababchi bo‘lgan mansabdorlarga keskin choralar ko‘rilishi kerak. Negaki, bugun Samarqandda avval ob’yektni qurib, keyin hujjatlashtirish urfga kirgan. Nazarimda, bunga fuqarolarda har qanday qurilmaga hujjat qilib olish mumkin, degan ishonch shakllanib bormoqda. Qolaversa, noqonuniy qurilmaga ruxsat bergan yoki hujjat rasmiylashtirgan mansabdorlar bu muqarrarligini bilishi kerak.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi Bayramali Norov bu amaliyot mavjudligi va kelgusida alohida e’tiborga olinishini bildirdi.