Olima ayollar hokimga tashakkur bildirishdan boshqa taklif aytishmadi

Viloyatga kadrlar tayyorlab berishda, hududning ma’naviyatiga, madaniyatiga munosib hissa qo‘shishda Samarqand davlat universitetining o‘rni, uning salohiyati haqida ortiqcha izoh shart emas. Ushbu yirik ta’lim dargohida olimalar faoliyati, undagi ta’lim jarayonlari, boshqaruvida xotin-qizlarning o‘rni nechog‘lik? Ularni qanday muammolar qiynayapti? Jamiyat hayotida olimalar qanchalik faol?

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov Samarqand davlat universitetida ushbu oliygohning faol xotin-qizlari bilan uchrashib, ularning viloyat hayotida tutgan o‘rni haqida to‘xtalar ekan, jamiyatda olimalar rolini oshirish lozimligini ta’kidladi.

- Viloyatda 11 ta oliy ta’lim muassasasi bor, ammo birorta rektor ayol yo‘q hozircha, - dedi viloyat hokimi E.Turdimov uchrashuvda. - Dekanlar, kafedra mudirlari orasida ayollar sonini oshirish haqida o‘ylab ko‘rish kerak. Ko‘pincha xotin-qizlar orasida rahbar tayinlash haqida gap ketganda bunga munosiblari bormi, degan savol ko‘ndalang qo‘yiladi. Bor va juda ko‘p deb javob bergan bo‘lardim. Faqat ularni izlash, yo‘naltirish lozim. Ayol kishi rahbar bo‘lgan joyda tartib, intizom, insof, adolat bo‘ladi. Bunga ko‘p bor guvoh bo‘lganmiz. Barcha oliy ta’lim muassasalarida, shuningdek, SamDUda ham yetakchi, faol, tashabbuskor, bilimdon xotin-qizlardan kadrlar zaxirasi bo‘lishi kerak.

Jamoatchilik nazoratida ham xotin-qizlarning rolini oshirish, o‘z tizimidagi muammolarini olib chiqishda ayollarga xos bo‘lgan jonkuyarlik, fidoyilik bilan yondashishlari bugun juda zarur.

Uchrashuvda Samarqand davlat universiteti rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sh.To‘xliyeva, pedagogika fakulteti dekani Z.Rahmonova, professorlar M.Tursunova, KHasanovalar o‘z fikr, taklif-mulohazalarini bildirdilar.

Xususan, joylarda oilaviy notinchliklar, ajrimlarning oldini olish, chekka hududlarda qizlarning ta’limga qiziqishini oshirishda universitet olimalari bilan hamkorlikni yanada kengroq yo‘lga qo‘yish fikrini bildirishdi. Shuningdek, nogiron talabalar uchun katta yo‘llarda sharoit yaratish, olimalar o‘rtasida sport musobaqalari o‘tkazish kabi takliflar bildirildi.

Yig‘ilishda bugungi kunda universitetda 5 nafar professor olimalar faoliyat yuritayotgani, 18 ta fakultetning 5 tasida ayol kishi dekan sifatida ish olib borilayotgani, yana qator talabalarning yutuqlari e’tirof etildi. Lekin shunday katta universitetda nega bor-yo‘g‘i besh nafar ayol professor ekan, ilmiy salohiyat nechog‘lik o‘zi?

SamDU olimalarining jamoat ishiga qiziqayotgani yaxshi, ammo o‘z talabalarining muammolarini hal qilishda qanday qiyinchiliklari bor? Qancha talaba qizlar o‘qishni tugatgach, ishli bo‘lyapti, qanchasida muammo bor? Afsuski, uchrashuvda real takliflar, muammolar yangramadi.

Gulruh Mo‘minova.