Olimlar tavsiyasi: Saraton kasalligiga chalinmay desangiz, ko‘katlar, yong‘oq, baliq iste’mol qiling
Har yili saraton kasalligini davolash uchun katta miqdorda mablag‘ sarflanadi. Birgina AQShda bu 1,16 trillion dollarni tashkil qiladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu kasallikning 50 foiz holatining oldini olish mumkin ekan. Shu jihatdan ADME butun dunyo bo‘ylab olimlar va saraton shifokorlarining bu kasallikning oldini olish usullari haqida gapirayotgan so‘nggi tadqiqotlarini to‘pladi.
To‘q yashil rangga ega sabzavotlarni tanlang
Yashil sabzavotlarda ularga ko‘p miqdordagi boy rang beradigan va qo‘shimcha ravishda magniy elementi birikmasiga ega xlorofill mavjudligi aniqlandi. Turli tibbiyot institutlarining bir guruh olimlari magniy ko‘proq ayollarda uchraydigan yo‘g‘on ichak saratonining oldini olish uchun muhim moddalardan biri ekanligini ta’kidlashadi.
Agar sizga to‘g‘ri kelsa, har kuni aspirin iching
Konnektikut universiteti doktoranti Daniyel Rozenberg yo‘g‘on ichak saratonining oldini olish uchun kuniga 81 mg aspirin ichishni tavsiya qiladi. 20 yillik tadqiqot 1 yil davomida har kuni aspirin iste’mol qilgan odamlarda yo‘g‘on ichak saratonidan vafot etish xavfi kamayganini ko‘rsatdi.
Biroq, aspirinni ishlatishdan oldin shifokor bilan maslahatlashish lozim.
Plastik idishlardan kamroq foydalaning
Kaliforniya universiteti professori Jun Chang plastik qadoqlashdan foydalanishni kamaytirishni maslahat beradi. Sababi, plastmassada saratonga olib keladigan kimyoviy moddalar bo‘lishi mumkin. Jun Chan do‘kondan biror narsa sotib olayotganda yoki tushlik qadoqlashda qog‘oz qoplar yoki sopol idishlarni tanlaydi.
Bundan tashqari, shishadagi suvni sotib olmaslik uchun vodoprovod suviga filtr o‘rnatish tavsiya etiladi. Shishadagi suvdan ko‘ra filtrlangan vodoprovod suvini ichish yaxshiroqdir, chunki bu suv plastik bilan o‘zaro ta’sir qilmaydi.
Har kuni yong‘oq iste’mol qiling
Bu bandga tamaki chekish odatiga ega bo‘lganlar rioya qilishlari kerak. Milliy sog‘liqni saqlash instituti tadqiqotlari yong‘oqni tez-tez iste’mol qiladigan chekuvchilarda o‘pka saratoniga chalinish ehtimoli kamroq uchrashishini ko‘rsatdi. Bu natija yong‘oqning chekish bilan bog‘liq bo‘lgan tanadagi oksidlovchi stressni sekinlashtirishga qodir ekanligi bilan bog‘liq.
Ko‘proq go‘sht emas, baliq iste’mol qiling
Kaliforniya universiteti urologi Kristofer Saygal tez-tez go‘sht iste’mol qilishdan voz kechishni taklif qiladi. U bemorlariga baliqdan tayyorlangan taomlar prostata saratoni ehtimolini kamaytiradigan oziq-ovqat bo‘lishi mumkinligini aytadi.
Muntazam ravishda mashq qiling
Muntazam mashg‘ulotlar kam harakat turmush tarziga qaraganda saraton kasalligiga chalinish ehtimolini 30 foizga kamaytiradi.
Sabzavot va mevalarga ustunlik bering
Meva va sabzavotlardagi tolalar ichaklardagi saraton bilan kurashishga yordam beradigan bakteriyalarni saqlab qolishi mumkin. Bundan tashqari, bunday bakteriyalar yallig‘lanishni tinchitadi va hatto DNK molekulalarini himoya qiladi. Saraton kasalligining oldini olish uchun eng faol bakteriyalarni brokkoli, karam, malina va pomidorlardan olish mumkin.
“Ximchistka”dan foydalanmang
An’anaviy kimyoviy tozalashda perxlor etilen erituvchi moddasidan foydalaniladi. Bu modda jigar va buyrak saratoniga olib kelishi mumkin. O‘zingizni bunday tozalashdan himoya qilish uchun kiyim sotib olayotganda, yorliqlarga diqqat bilan qarang: agar unda “R” harfi bo‘lgan doira bo‘lsa, unda bunday narsalarni olmaslik yaxshiroqdir, chunki bu belgi kiyimning tozalash paytida perxlor etilendan foydalanishni taqozo etadi.
B.Muhammadiyeva tayyorladi.