Olis hududlarga 66 ta bankomat o‘rnatiladi

Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va aholiga yanada kengroq qulayliklar yaratish maqsadida Markaziy bank viloyat Bosh boshqarmasi tomonidan markazdan olis bo‘lgan hududlarga ham bosqichma-bosqich bankomatlar o‘rnatilmoqda. Bugunga qadar viloyatimiz bo‘ylab 500 dan ortiq “HUMO” va  “UZCARD” to‘lov tizimida ishlovchi bankomatlar o‘rnatildi.

Misol uchun, Kattaqo‘rg‘on shahri markazidan olisda joylashgan aholiga yengilliklar yaratish uchun boshqarmamiz xodimlari va AT “Xalq banki” Kattaqo‘rg‘on filiali bilan hamkorlikda Ingichka qo‘rg‘onida bank filialiga qarashli mini-bank binosiga “HUMO” to‘lov tizimida ishlovchi bankomat o‘rnatildi.

Shuningdek, Past Darg‘om, Samarqand tumanlariga 6, Bulung‘ur, Jomboy, Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Payariq tumanlariga 5, Ishtixon, Oqdaryo, Urgut, Nurobod va Paxtachi tumanlariga 4, Kattaqo‘rg‘on shahri, Qo‘shrabot va Toyloq tumanlariga 3 tadan, jami 66 ta qo‘shimcha bankomatlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Hozirda rejadagi 28 ta bankomatni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Shu bilan birga Ingichka qo‘rg‘onida Prezidentimizning 2017 yil 15 fevraldagi “Pul muomalasini yanada takomillashtirish va bank plastik kartochkalaridan foydalangan holda hisob-kitoblarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosi bo‘yicha o‘rganishlar ham olib borildi. Hududdagi tadbirkorlar tomonidan ushbu qaror talablariga amal qilinayotganligini o‘rganish maqsadida savdo do‘konlari tanlov asosida kuzatilib, ularning hisob-kitob terminallari bilan ta’minlanganlik darajasi o‘rganildi. Qonuniy faoliyat yuritayotgan sub’yektlar hisob-kitob terminallari bilan ta’minlanganligi hamda hisob-kitob terminallaridan ancha samarali foydalanilayotganligi kuzatildi.

Furqat AHMEDOV,

Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi naqd pul muomalasini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i.