Olis qishloqdagi bayram nimaligini bilmagan ayollarga maktub

BAYRAM.

Bayramni emas, Rossiyaga ketgan farzandini kutayotgan ONA — Bayram muborak bo‘lsin!

40 yil qishlog‘iga suv kelishini kutaverib charchamagan, yelkalari o‘tin tashib og‘rimagan, ammo qaddi 40 ga kirmay turmush yuklaridan mung‘ayib qolgan, YaNGAM — Bayraming muborak bo‘lsin!

Shirin so‘z-u, guldastalarni emas, oddiygina orzuni: turmush o‘rtog‘ining uyiga ichmay kelishini, bir kungina bo‘lsa-da haqorat eshitmasligini istayotgan Ey uzoqdagi TENGDOShIM — Bayraming muborak bo‘lsin!

O‘zi uchun emas, faqatgina farzandlari uchun yashayotgan, oyog‘idagi yirtiq kalishini ham yangisiga almashtirishga imkoni yo‘q, ammo hayotidan hech nolimagan soddagina OPAM —Bayraming muborak bo‘lsin!

Bir vaqtlar katta–katta orzular qilgan, lekin bugun ukalari uchun barchasidan kechib, egatlardan kelajak izlayotgan SINGLIM . Bayraming muborak bo‘lsin!

Men jurnalist bo‘lib, kompyuter qarshisidan turib, issiq qahvani tashlab seni ko‘rgani olis qishloqqa borolmadim. Ammo huddi men kabi sivilizatsiya ham borishga erinayotgan, o‘sha sen yashayotgan qishloqlar shu bayram kuni ko‘z oldimdan o‘tdi.

Ehtimol sen shunday bayram borligini eshitmagansan...

Teleekranga yarashmagan, tantanali bayramlarda ko‘rinmagan, umrida sovg‘a-salom olmagan, qishloqdagi kulbasidan narini ko‘rmagan ey AYoL, senga ham shu bayram qutlug‘ bo‘lsin!

Bir beshikda, bir kiyimda 5 farzandni katta qilgan. Oddiy sharoit “svet”, gaz yo‘qligidan nolimagan, o‘tin orqalab yelkalari og‘rimagan, bu hayotidan birovga arz qilmagan, shaharliklar va’da bergan sharoitga umid ham qilmagan ayol, senga ham bayraming muborak bo‘lsin!

Ehtimol ayol bo‘lib bir bora turmush o‘rtog‘ingdan gul olmagansan, qadoq bosgan qo‘llaringga krem surtmagansan, ayol bo‘lib, balki hali yangi atlas ko‘ylak ham kiymagandirsan, sening ham bayraming qutlug‘ bo‘lsin!

Bir kun sen kutgan sharoit o‘sha qishloqlarga yetib borar...

TVda aytilgan gaplar turmushingni yengillatganmikan hayronman, bayram kuni chalingan qarsaklar sabab, dasturxoningga tansiq taom tekkanmikan? Umrida to‘kin-sochin dasturxon qarshisiga o‘tirmaganingga balki bizning ham aybimiz bordir... Axir bezangan, gul-gul yonayotgan, kunda kunaro ekranlarda ko‘rinish berish, radiolarda og‘iz ko‘pirtirib gapirishni, suratlari gazeta-jurnallarda har oy ko‘rinishini odat qilganlarga biz qalam ahli ham ko‘proq e’tibor beramizu ammo ne uchundir sening dardi tashvishlaringdan yiroqmiz.

Ey bayram neligini bilmay o‘tayotgan qishloq ayoli, ayyoming bilan qutlashga bugun ijozat ber. Bir kun shu bayramlar sening xonadoningga ham kirib borar...

Sen haqingda va seni haqingga minbarlardan turib balandparvoz tabrik yo‘llaydiganlar ko‘p. Seni og‘ir turmushingni yengillashtiraman, deb va’da beruvchilar ancha. U ayollar sochlarini ishirib, bashang kiyinib, minbarga chiqib so‘zlaganlari, oxiri ko‘rinmas va’dalari uchun sovg‘a-salomlarini olib ulgirdi. Senga-chi, Senga bugun bayramligini kimdir eslatganmikan? Seni sog‘intirgan, tirikchilik uchun xorijga ketgan farzanding senga qo‘ng‘iroq qildimikan?

Aslida sen uchun uzoq yurtlarda ishlab yurgan farzanding qo‘ng‘iroq qilib, seni eslagan kun haqiqiy bayram emasmi?..

O‘choq boshi, molxona, qo‘ni-qo‘shni uyidan nariga o‘tganmisan? Umringda bir bor shaharga kelganmisan? Ey, og‘ir hayotidan bir bora ham ta’na qilmagan qishloqning sodda ayoli - seni bayram bilan tabriklashga ijozat ber.

Sho‘rlangan yerlar shamoli nafis yuzlaringni-da sho‘ralatgan ey ayol! Umringda salonlarga borganmisan, yo bir ayol bo‘lib, yotib da’vo olganmisan, yo sho‘r bosmagan chuchuk suv ichganmisan? Ey Mo‘ynoq dalasida bir tup ko‘chat ekkan ayol, bayraming bilan qutlashga ijozat ber. Bir kun sen yashayotgan qishloqlar ham obod bo‘lar...

Boshida uniqqan eski ro‘mol, oyog‘ida yirtiq kalish bo‘lsa-da, qiziga sep yig‘ishdan charchamagan o‘zbek ayoli umringda nishonlamagan bayraming senga qutlug‘ bo‘lsin!

Eridan bir shirin so‘z eshitmagan. Eri ichmay, yiqilmay kelib, uni urmagan kunni bayram qilgan ojiza ayol senga-da bayram muborak bo‘lsin!

Mardikor bozoriga chiqmagan, Turkiyaga, Rossiyaga ish izlab borishga-da soddalik qilgan qishloq ayoli, senga ham bugungi bayram muborak bo‘lsin!

40 yildan beri qishlog‘iga suv kelishini kutib, har tong oilasiga beli og‘rib suv tashigan. O‘choqlarda suv isitib, kir chaygan. Shu holidan bir bora ham nolimagan ey munis ayol - senga ham bayraming muborak bo‘lsin!

Ishon, bugun mamlakat katta ishlar, katta islohotlar boshida turibdi. Kambag‘allikni tugatish yo‘lidamiz. Hali barchasi ortda qolajak.

Hozircha esa senga mening bir reportaj qarzim bor, kimnidir “svet”, kimdir gaz, yana kimdir farovon hayot qarzi bor sendan. Qarzlarni hanuz uzmagan bo‘lsak-da, shu kunlarda seni yodga olishga, ijozat ber. Bayraming qutlug‘ bo‘lsin!!!

Anora Sodiqova, O‘zA.