Oliy ma’lumotsiz daho

Kelib chiqishi Hindistonning chekka qishlog‘idan bo‘lgan, hatto rasmiy ma’lumotga ega bo‘lmagan bu yigit matematikaning eng murakkab sohalarida ko‘plab kashfiyotlar qildi.

Srinivas Ramanujan 1887 yilda Hindistonda hisobchi oilasida dunyoga keldi. Yoshligidan matematikaga qiziquvchan o‘smir 14 yoshida mustaqil ravishda sinus va kosinus formulasini ochdi. Keyin formula allaqachon shveysariyalik olim Leonard Eyler tomonidan ma’lum qilinganini bilib olib, hafsalasi pir bo‘ldi. Lekin bu uni to‘xtata olmadi.

16 yoshida Ramanujan ingliz matematiki Jorj Karrning “Sof va amaliy matematikaning boshlang‘ich natijalari” to‘plamiga duch keldi. 6165 ta teorema va formuladan iborat bu kitob uning ilmiy kashfiyotlari uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lib, Ramanujanni matematika olamiga taklif qildi.

 Doimiy omadsizliklar

Shon-shuhrat sari mashaqqatli yo‘lni Srinivas faqat muvaffaqiyatsizliklar orqali bosib o‘tishiga to‘g‘ri keldi. 1904 yilda kollejga o‘qishga kirishga urinishda u nomatematik fanlardan qoniqarsiz baho olgani uchun stipendiyasiz qoldi.

Qashshoqlikda qolganiga qaramay,  u doimiy ravishda kashfiyotlarini yozib borgan mashhur daftarlarini yaratib, o‘z ishini davom ettirdi.

1910 yilda u Hindiston matematika jamiyati kotibi Ramachandra Rao bilan uchrashish imkoniga ega bo‘ldi. Uchrashuvning boshlanishi keskin kechdi, Ramanujanning ishlariga shubha bilan qaragan kotib suhbat natijasida yigitning daholigini tan oldi va unga moddiy yordam ko‘rsata boshladi. Va uni ishga taklif qildi.

 Birinchi muvaffaqiyat

O‘zining birinchi ilmiy muvaffaqiyatiga Srinivas Ramanujan 1911 yilda ilmiy ishi Hindiston matematika jamiyati jurnalida nashr etilganida erishdi. Ushbu 17 sahifalik tadqiqot uning matematikaga qo‘shgan ko‘plab hissalarining dastlabkisi edi. U  bukilmas matonat bilan ishini davom ettirar, daftar varaqalari ustida teorema ketidan teorema yozib borar edi.

 Matematik e’tirof

Hindistonlik matematik yangi bilimlarga intilib Kembrijga bordi. Professor Xardiga yuborgan maktubida kiritilgan to‘qqiz sahifa ishi olimni hayratda qoldirdi. Xardi Ramanujan aqlining g‘ayrioddiy, hatto o‘rganilmagan yorqinligini deyarli darhol tan oldi. Ular yaqin hamkorga aylanishdi. Olim Ramanujanning ta’limidagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga, shu bilan birga uning intuitiv ijodiy yondashuvini saqlab qolishga harakat qilardi.

Ramanujanning G‘arbga sayohati nafaqat uning o‘zini, balki butun matematik olamni ham boyitdi. Umuman olganda, matematikada Srinivas Ramanujan nomini olgan sakkizta muhim kashfiyotlar (shu jumladan, doimiy sonlar, teoremalar, raqamlar va boshqalar) mavjud. U matematikadagi 120 ta teorema muallifi.

Angliyada matematikaga katta hissa qo‘shgan Ramanujan Kembrijda bakalavr darajasini oldi va Qirollik jamiyatining birinchi hindistonlik a’zosiga aylandi. Biroq g‘ayrioddiy iqlim sharoiti va noto‘g‘ri ovqatlanish tartibi tufayli uning sog‘lig‘i yomonlashdi. 1917 yilda kasal bo‘lib, Hindistonga qaytib kelgan Srinivas bir yildan keyin 32 yoshida sil kasalligidan vafot etdi.

“U hech qachon shon-shuhratga intilmagan. Unga faqat matematikaning noma’lum chuqurliklarini o‘rganish imkoniyati kerak edi”, degan edi u haqda ingliz matematiki  Xardi o‘zining “Matematik madhiya” kitobida.

Xardi fanning zamonaviy sohalarida paydo bo‘lib turadigan Ramanujan tomonidan bildirilgan formulalarni oqilona izohladi: “Ular haqiqiy bo‘lmog‘i darkor, modomiki haqiqiy bo‘lmas ekan, ularni ixtiro qilishga hech kimning tasavvuri yetmagan bo‘lardi”.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.