Oliy o‘quv yurti yashash joyiga yaqin bo‘lsa, ota-onalar o‘g‘il-qizlarini o‘qitishni ko‘proq istaydi
Oliy ta’limga ehtiyojning ortishi, chekka hududlarda mutaxassislar yetishmasligi bois bugun tumanlarda ham oliy o‘quv muassasalari ochilmoqda. Tog‘ hududiga yaqin, bahavo yerda joylashgan Samarqand davlat universitetining Urgut filiali tinch va osoyishtaligi bilan e’tiborimizni tortdi.
- Universitet filiali tumanda pedagog va erkin iqtisodiy zonaga zarur yetuk mutaxassislarni yetishtirish maqsadida ochildi, - deydi filial direktori Quvondiq Yarashev. – Tuman aholisi uzoqqa qizlarini o‘qishga yuborishni istamagani uchun maktablarda o‘qituvchilar yetishmasligi muammosi yuzaga kelgan. Ba’zi o‘qituvchilar Toyloq tumanidan qatnab ishlaydi. Filialimiz ochilgandan buyon urgutliklar farzandlarini bizning oliy o‘quv yurtimizda o‘qityapti. Haqiqatda o‘quv dargohi yashash jyiga yaqin bo‘lsa, ota-onalar ham o‘g‘il-qizlarini o‘qitishni istar ekan. Bugun filialda mingdan ortiq talaba tahsil olayotgan bo‘lsa, ularning 400 nafari urgutlik. Bu degani yaqin kelajakda tumanda pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj ta’minlanadi.
Darhaqiqat, o‘tgan o‘quv yilida ochilgan ushbu oliy ta’lim dargohi Prezidentimizning 2022 yil 13 yanvardagi “Samarqand davlat universiteti faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etildi. Shu maqsadda tumandagi eski Kamongaron kasb-hunar kolleji binosi joriy ta’mirdan chiqarildi. 2023-2024 o‘quv yilidan foydalanishga topshirilgan filial o‘quv binosi keng, yorug‘ xonalar, laboratoriya, kompyuter xonalari, faollar zali, sport zal zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. Bino atrofi va yo‘laklarga energiya tejamkor quyosh panelli chiroqlar o‘rnatilib, keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari olib borildi. Binoning tom qismida 100 kVt quyosh panellari o‘rnatilib, ta’lim dargohi o‘zini-o‘zi energiya bilan ta’minlay olishiga erishildi.
- Filialimiz maydoni 5 gektar bo‘lib, davlat-xususiy sheriklik asosida 2024 yilda 400 o‘rinli, 2025 yilda 400 o‘rinli, jami 800 o‘rinli talabalar yotoqxonasi quriladi, - dedi filial direktori. – Hozircha talabalar filialga yaqin mahallalarda ijara uylarda istiqomat qilishyapti. Xonadon egalari ularga barcha shart-sharoitlar yaratib bergan. Shuningdek, keyingi yildan filial hovlisidan 1,5 ming o‘rinli o‘quv binosi quriladi. Bundan tashqari, 300 o‘rinli ilmiy laboratoriya qurish taklifini ham berganmiz.
Bugun filialda maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich ta’lim, matematika va informatika, kimyo, biologiya, geografiya va iqtisodiy bilim asoslari, o‘zbek tili va adabiyoti, buxgalteriya hisobi va audit (tarmoqlar bo‘yicha), axborot tizimlari va texnologiyalari (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha), o‘zga tilli guruhlarda rus tili, xorijiy til va adabiyoti: ingliz tili kabi yo‘nalishlarda talabalar tahsil olmoqda.
Shuningdek, filialning 33 nafar o‘qituvchilaridan 2 nafari fan doktori, 17 nafari falsafa doktori (PhD) bo‘lib, ularning ilmiy salohiyati 46,3 foizni tashkil etadi. Bundan tashqari, Samarqand davlat universiteti va boshqa oliy ta’lim muassasalaridan o‘rindoshlik asosida professor-o‘qituvchilar dars bermoqda. Rossiyalik o‘qituvchi Irina Mashinkova hamkorlik memorandumi asosida kelib, talabalarga rus tilini chuqur o‘rgatmoqda. Chet tili o‘qituvchilarining barchasi S1 darajasidagi milliy sertifikatga ega.
- Filialimizda dars jadvali onlayn tarzda tashkil etilgan, - deydi dekan o‘rinbosari Po‘lat Qahhorov. Haqiqatda o‘quv binosiga kirishda katta ekranli monitor o‘rnatilgan. – Ushbu monitor orqali talabalar dars jadvalini, darsning qaysi auditoriyada bo‘lishini ko‘rishi mumkin. Shuningdek, monitordan filial saytidagi axborotlarni yoki boshqa oliy ta’limi muassasalarining saytlarini ham kuzatish imkoniga ega.
Talabalarning faolligidan kelib chiqib, filial radiosi ham yo‘lga qo‘yilgan. Dars boshlanishidan oldin va tanaffus vaqtlarida radio orqali qisqa dasturlar berib boriladi. Masalan, ijodkor talabalarning she’rlari, hikoyalari yoki maqom kuy-qo‘shiqlar eshittiriladi.
Filial o‘z faoliyatini ota-onalar bilan hamkorlikda ishlashdan boshlagan. Shuning uchun ham bu yerga ota-onalar tez-tez kelib turishadi. Fursatdan foydalanib, ularning ham fikrlariga quloq soldik.
- Urgut tumanida universitet filiali ochilgani urgutliklar yutug‘i, - deydi tumandagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktor o‘rinbosari Shoira Abdurahimova. – O‘zim Jizzax viloyatida o‘qiganman, borib-kelishimiz qiyin bo‘lgan. Bizda ota-onalar qizlarini uzoqqa o‘qishga yubormaydi, tezroq turmushga berishadi, kelajagini o‘ylashmaydi. Endi mana bunday imkoniyatda albatta o‘g‘il-qizlarimizni o‘qitamiz. Ularning o‘qishiga shart-sharoit yaratib beramiz.
- Qizim Dinora Botirova shu yil mazkur filialning ona tili va adabiyot yo‘nalishiga o‘qishga kirdi, - deydi tumandagi 9-son maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Oydin Jalilova. – Men ham Samarqand davlat universitetida o‘qiganman. Yosh bola bilan qiynalganman. Tumanimizda universitet filiali ochilganligi biz, ota-onalarga manzur bo‘ldi. Hali o‘qish boshlanganiga ikki oy bo‘lmasdan qizimning ustozlariga bag‘ishlab yozgan maqolasi “Urgut sadosi” gazetasida chop etildi. Bundan rosa xursand bo‘ldim. Bundan tashqari, ota-onalar majlisiga kelib, bu yerda talabalarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdim. Men uydan turib farzandimning baholarini, davomatini kuzatib borish imkoniga ega ekanman.
- Men qishlog‘imdan qatnab mazkur oliy ta’lim muassasasida tahsil olyapman, - deydi o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi talabasi Hamida Saydullayeva. – Tumanimizda universitet filialining ochilishi nafaqat menda, balki tumandagi barcha yoshlarda ta’lim olishga qiziqish uyg‘otdi. Bunday imkoniyatdan samarali foydalanib, nasib bo‘lsa ushbu filialda talabalarga dars beradigan o‘qituvchi bo‘lmoqchiman.
Biz ijodiy jamoamiz bilan filialga qilgan safarimiz davomida talabalar bilan davra suhbati ham tashkillashtirdik. Talabalar orasida ijodkor yoshlar o‘zlarining she’rlaridan o‘qib berishdi. Ularga “Zarafshon” gazetasi kutubxonasidan” ruknida chop etilgan kitoblardan sovg‘a qildik.
Xurshida Ernazarova,
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov.