Oliy ta’lim muassasalari qabul kvotalarini mustaqil belgilashi kerak

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilm-fan, zamonaviy va uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish zarurligiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Yangi yildan oliy ta’lim tizimida tahsil olish uchun teng imkoniyat yaratishga qaratilgan ishlar yanada kuchaytiriladigan bo‘ldi. Maktab bitiruvchilarini oliy ta’limga qamrab olish darajasi so‘nggi ikki yilda 15 foizdan oshdi. Lekin bu hali yetarli emasligi, chunki rivojlangan davlatlarda bu ko‘rsatkich 60-70 foizni tashkil etishi qayd etildi.

Darhaqiqat, hali bizda maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga qamrab olish darajasi juda past. Buning uchun oliy o‘quv yurtlarini kengaytirish, ularning sonini oshirish, sohaga malakali kadrlarni jalb etish lozim. Shuningdek, Murojaatnomada ta’kidlanganidek, nodavlat ta’lim maskanlari sonini ko‘paytirish bu sohasida raqobatni kuchaytirishi, shubhasiz.

Institutimiz o‘tgan yili respublikada 10 ta oliy ta’lim muassasasi qatorida o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgandi. Xorijda o‘zini o‘zi moliyalashtiradigan oliy ta’lim muassasalari qabul kvotalarini mustaqil o‘zi belgilaydi. Bizda ham shunday tartib joriy etilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lardi.

Bundan tashqari, bakalavriat yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarga xorijda o‘qishni davom ettirish imkoniyatlarining kengaytirilishi ham aynan chet tillar sohasida tahsil olayotgan yoshlarga qo‘l keladi.

Bunday imkoniyatlar hayotga tatbiq etilsa, respublikamizda yetuk va malakali kadrlar tayyorlanadi.

Ilhom TO‘XTASINOV,

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori.