Oliy ta’lim muassasalarida o‘quv binolari yetarlimi?
Bugun oliy ta’lim muassasalarida talabalar an’anaviy yoki onlayn tarzda ta’lim olyapti. Samarqanddagi an’anaviy dars jarayonlari bilan tanishish maqsadida ayrim oliy ta’lim dargohlarida bo‘ldik.
Samarqand davlat universitetida
Bu yerda an’anaviy darslar 1- va 4-kurs talabalariga tashkil etilgan. Dushanba, seshanba kunlari 4-kurs talabalariga, haftaning chorshanba, payshanba, juma, shanba kunlari 1-kurs talabalariga an’anaviy darslar bo‘lib o‘tmoqda. 2-, 3-kurs talabalari esa onlayn tarzda ta’lim olyapti.
Shuningdek, magistratura yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarning faqat 1-kurslari uchun an’anaviy darslar tashkil etilgan.
Universitetda dars soatlari 80 minutdan 60 minutga qisqargan, xonalarni shamollatish uchun tanaffusga 20 minutdan vaqt ajratilgan.
O‘zbek filologiyasi fakultetida hozircha darslar bir navbatda o‘qitilyapti. Agar 2- va 3-kurs talabalari ham an’anaviy darslarga jalb etilsa, darslar ikki navbatda o‘qitiladi. Rus filologiyasi, geografiya va tarix fakultetlarida ham o‘quv xonalari kamligi bois barcha kurslarni bir navbatda o‘qitish imkoniyati yo‘q. Matematika fakultetida sharoit yanada og‘ir.
- Birinchi kurslarimiz 20 ta guruhdan iborat, hozircha 511 nafarni tashkil etyapti, - deydi o‘quv ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari O‘tkir Nishonov. – O‘quv xonalarimiz kamligi bois 1-kurslarni ikki navbatda o‘qityapmiz. Agar 2- va 3-kurs talabalariga ham an’anaviy darslar boshlansa, auditoriyalar yetishmaydi.
Shuningdek, matematika fakultetida kechki ta’lim shakli talabalari uchun ham an’anaviy darslar boshlangan. Ularga darslar soat 17:00 dan 19:20 gacha belgilangan.
O‘zbek filologiyasi, rus filologiyasi, geografiya, tarix va matematika fakultetlarida an’anaviy darslarda har bir partada bittadan emas, ikki nafardan talaba o‘tiribdi. Agar talabalar partaga bittadan o‘tirsa, joylar yetishmaydi. Hatto o‘zbek filologiyasi va matematika fakultetlarida umumiy leksiya darslarida auditoriyada 2-3 tagacha guruh talabalari qatnashayotganiga guvoh bo‘ldik. Fakultet rahbarlari bunday holatni o‘quv xonalari yetishmasligi, guruhlar bo‘lib o‘qitilsa, qo‘shimcha darslar uchun ish haqi to‘lanmasligi bilan izohladi.
Bundan tashqari, universitetda bu yil tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni istovchi talabgorlar ham ko‘paygan. Masalan, rus filologiyasi fakultetiga 80 nafardan ortiq, tarix fakultetiga esa 300 nafardan ko‘proq talaba tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan. Ushbu holat ham o‘quv xonalarining yetishmasligiga sabab bo‘lgan.
Bugungi kunda Samarqand davlat universitetining 9200 o‘ringa mo‘ljallangan 11 ta o‘quv binosi mavjud. Universitetda kunduzgi, kechki, sirtqi bo‘lim talabalari esa 27800 nafarni tashkil etmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugun universitetda an’anaviy darslarga qatnashayotgan birinchi va to‘rtinchi kurs talabalarining soni 9 ming nafar atrofida. Hozircha o‘quv binolar yetarli. Ammo talabalar an’anaviy darslarga qaytarilsa, o‘quv xonalari yetishmaydi. Masalan, geografiya fakultetida bu yil 200 nafar qabul kvotasi asosida, 67 nafar tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida talabalar o‘qishga qabul qilingan. Fakultetda umumiy talabalar soni 760 nafarni tashkil etadi, o‘quv xonalari esa atigi 11 ta ekan. Boshqa fakultetlarda ham ahvol shunday. Ushbu muammo bir-ikki yil ichida paydo bo‘lmagan, balki yillar davomida kuzatilgan. Biroq, muammoga yechim topilmagan.
Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida
Institutda 1- va 2-kurs talabalariga an’anaviy darslar tashkil qilingan. 3-, 4-kurs talabalari yakuniy nazorat ishlarini topshiryapti.
Darslar 60 minutdan bo‘lib, tanaffusga 10 minutdan vaqt ajratilgan. Darslar ikki navbatda olib borilyapti.
Biz arxitektura, qurilishni boshqarish, qurilish fakultetlaridagi an’anaviy dars jarayonlarini kuzatdik. Gaz bosimi pastligi sababli o‘quv xonalari sovuq, isitish batareyalari ishlamayapti. Bo‘lajak arxitektor va quruvchilar polining bo‘yog‘i ko‘chib ketgan eski xonalarda tahsil olyapti. O‘quv xonalaridagi eshik, deraza, pol, shiftlar nihoyatda eskirib ketgan, zamon talablariga javob bermaydi.
- Institutning sakkiz qavatli 1800 o‘rinli bosh binosi kapital ta’mirlanyapti, - dedi o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Abduaziz Rahimov. – Pandemiya tufayli may oyidan buyon ta’mirlash ishlari to‘xtab qoldi. Bino ta’miriga 43 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Ishlar tugagach, fakultetlarimiz zamonaviy shart-sharoitlarga ega yangi binoga ko‘chiriladi.
Biz institutning ta’mirlangan binosini ham borib ko‘rdik. Ichkari xonalar ta’mirdan chiqqan, ba’zi xona jihozlari ham keltirilgan. Faqat binoning tashqi qismidagi ishlar chala.
- Bino 70 foiz ta’mirdan chiqqan, faqat xonalardagi isitish tizimini sozlash va hovlidagi chala ishlarni tugatishimiz kerak, - dedi “Sarmoya servis” MChJ ish yurituvchisi Maqsud Xalilov. – Aslida bino 4 avgustda topshirilishi kerak edi, mablag‘ tushmagani bois ishimiz ortga surildi. Endi 16 fevralgacha topshirishni rejalashtirganmiz.
Bugun institutning 2625 o‘rinli o‘quv binolarida bakalavr yo‘nalishidagi 5061 nafar talaba tahsil olyapti. Shuningdek, institutda 206 nafar magistratura, 800 nafar sirtqi yo‘nalishlarda ta’lim oladigan talabalar ham bor. Bosh bino foydalanishga topshirilsa, o‘quv binolar sig‘imi 4425 o‘rinli bo‘ladi. Shunda ham talabalarni bir navbatda qamrab olish imkoni bo‘lmaydi.
O‘quv xonalarining yetishmasligi birgina Samarqand davlat universiteti yoki Samarqand arxitektura-qurilish institutida emas, balki viloyatimizdagi boshqa oliy ta’lim dargohlarida ham og‘riqli masalalardan biri hisoblanadi. Har yili qabul kvotalarining oshirilishi, qo‘shimcha tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida talabalar o‘qishga qabul qilinishi oliy ta’lim muassasalarida o‘quv xonalarining yetishmasligiga sabab bo‘lmoqda.
Xo‘sh, oliy ta’lim dargohlarida qabul kvotalari rejalashtirilayotganida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida talaba o‘qishga olinayotganda o‘quv binolarining sig‘imi hisobga olinmaydimi? Hisobga olinsa, nega yangi, qo‘shimcha binolar qurilmayapti?
Xurshida ERNAZAROVA,
Baxtiyor MUSTANOV,
«Zarafshon» muxbirlari.