Olovli shar
Tabiatda hamon sirligicha qolayotgan hodisalar ko‘p. Ulardan biri olovli shar bo‘lib, insonlar unga bot-bot duch kelishadi.
Ajal zarbasi
Olovli shar bilan eng dahshatli voqea 1753 yilda Sankt-Peterburg fanlar akademiyasining akademigi Georg Rixman bilan sodir bo‘lgan. U yashin olov shar zarbasidan halok bo‘ladi. Rixman peshonasida zarbdan qizil dog‘ hosil bo‘lib, ust-boshi yonib, oyoq kiyimi rasvo bo‘lgandi. Eshik tabaqalari payraxaga aylanib, sochilib ketgandi.
Turgan-bitgani jumboq
Olovli shar yorqin nur sochib turadi, kattaligi 10 cantimetrdan 20 cantimetrgacha, kamdan-kam holatda 10 metr va undan katta bo‘ladi. Havoda 2 metr sekundgacha tezlikda harakatlanib turadi, so‘ngra dahshatli kuch bilan portlaydi. Kamdan-kam hollarda shovqinsiz qanday paydo bo‘lgan bo‘lsa, shunday ko‘zdan yo‘qoladi. Ba’zan bir joyda ancha vaqt harakatsiz muallaq turib qoladi.
Qizig‘i shundaki, harorati o‘ta yuqori bo‘lishiga qaramay, to‘siqlar -daraxt, oyna, qog‘oz, pichan g‘arami yaqinida turganida ularni kuydirmaydi, yondirmaydi. Portlaganda esa atrofdagi bino, daraxt va boshqa ho‘l-quruq jismlar porox singari alanga oladi, temir-tersak, hatto relslar erib ketadi.
Guvohlar
1978 yil 17 avgust kuni Kavkazda Trapitsiya tog‘i cho‘qqisidan tushayotgan besh alpinist 3900 metr balandlikda tunash uchun to‘xtashadi. Kutilmaganda ularning chodirida tennis to‘pi kattaligida yorqin - sariq rang olovli shar paydo bo‘ladi. U uxlash qopi ichida yotgan alpinistlarning qo‘yniga kiradi. Sportchilardan biri Oleg Kovarkin dahshatli qichqirib halok bo‘ladi. Qolganlar to‘rtinchi daraja kuyish bilan Pyatigorski kasalxonasiga olib boriladi.
2008 yil Qozon shahrida yashin shar trolleybus ichiga kiradi, konduktor qo‘lidagi sumka bilan uni qaytarib, salon to‘riga uloqtiradi. Bir necha sekunddan keyin shar portlaydi, xayriyat salon to‘rida yo‘lovchi yo‘q edi. Oldindagi yigirma yo‘lovchi omon qoladi.
Bu o‘zi nima?
Olovli shar qanday qilib o‘zida katta elektr kuchlanishni jamlaydi? Taxminlar to‘lib-toshib yotibdi. XIX asr taniqli fransuz fizigi Dominik Fransua Arago shar yashin azot va kislorodning zich birikmasi deb hisoblaydi.
Nemis fizigi Fredrix Xildebrand esa yashin shar qandaydir portlovchi gaz bilan to‘yingan deb yozadi. 1955 yilda sovet akademigi Pyotr Kapetsa shar yashin ionlashgan bulut plazmasi, o‘z elektr magnit tebranishiga ega va tashqaridan xuddi shunday elektromagnit tebranish energiyasini yutadi, degan nazariyani ilgari surdi.
O‘shandan buyon yashin shar tabiatini tushuntiruvchi juda ko‘p nazariyalar ilgari surib kelinmoqda. Biroq bunday nazariyalarning birortasi yashin shar jumbog‘ini oxirigacha izohlab bera olgani yo‘q.
T.Shomurodov tayyorladi.