Ombudsman vakili qamoqxonadagi shaxslar huquqini ham himoya qiladi

Senat «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida»gi qonunga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Jinoyat-ijroiya kodekslarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishini ma’qulladi.

O‘zgartirishlarga ko‘ra, Ombudsman huzurida milliy preventiv mexanizm joriy etilmoqda, ya’ni qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish belgilangan.

Endi Ombudsman vakili:

  • qamoqdagi shaxslarning soni haqida axborot olish;
  • ular bilan muomalada bo‘lish sharoitlarini o‘rganish;
  • suhbatlar o‘tkazish;
  • hujjatlar bilan tanishish;
  • zarur hollarda qamoqdagi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va davolash talabi bilan chiqish;
  • mas’ullardan qamoqdagi shaxslarning huquqlarini ta’minlash masalalari yuzasidan tushuntirishlar olish;
  • aniqlangan g‘ayriqonuniy harakatlarga chek qo‘yish yuzasidan tezkor choralar ko‘rish;
  • qiynoqlarga solishning oldini olishga doir taklif va tavsiyalar ishlab chiqish vakolatiga ega bo‘ladi.