Oq uyni portlatib yubormoqchi bo‘lgan amerikalikka 15 yil qamoq jazosi xavf solmoqda
Amerikaning Jorjiya shtatida yashovchi Xasher Jallal Taxeb 2 aprel kuni unga nisbatan e’lon qilingan qurol va portlovchi modda yordamida Oq uyga hujum qilishga urunish aybini tan oldi. Unga 15 yilgacha bo‘lgan qamoq jazosi xavf solmoqda. Bu haqda AQSh Adliya vazirligi nashr etgan press-relizda xabar qilingan.
“Bugun Jorjiya shtatining Kamming shahrida istiqomat qiluvchi, 23 yoshli Xasher Jallal Taxeb unga nisbatan e’lon qilingan, “yong‘in yoki portlovchi modda yordamida AQShga tegishli bo‘lgan yoki ijaraga berilgan binoni yo‘q qilishga urinish” ayblovini tan oldi. Taxeb qurol va portlovchi moddadan foydalanib, Oq uyga hujum uyushtirishni rejalashtirgan”, xabar qilingan press-relizda.
Milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha AQSh Bosh prokurori Jon Demersning so‘zlariga ko‘ra, Taxeb Oq uyga terrorchilik hujumini rejalashtirgan. Bunga sabab qilib u o‘zining “jihod”dagi ishtirokini aytgan. Shuningdek, tergov davomida mazkur shaxs Oq uy bilan bir qatorda ozodlik haykaliga, Vashington monumentiga, Linkol memorialiga va sinagogga hujum uyushtirishni rejalashtirganligi aniqlangan.
Taxebga nisbatan olib borilgan tergov harakatlari bir yildan oshiq davom etgan. U 2019 yilning yanvar oyida FQB (FBI) xodimlari tomonidan hibsga olingan. Uning jinoiy ishi bo‘yicha sud 23 iyun 2020 yilda boshlanishi kutilmoqda.