«Oqbo‘yra garden» - sayyohlar uchun sevimli maskanga aylanadi

Samarqand nafaqat o‘zining tarixiy va me’moriy yodgorliklari, balki go‘zal va takrorlanmas tabiati bilan ham dunyoning turli burchaklaridan kelayotgan sayyohlarni jalb qiladi. Shahrimizning diqqattortar maskanlari mehmonlarning qadimgi Sharq haqidagi taassurotlarini yanada boyitadi.

Viloyatda betakror tabiatdan bahramand bo‘ladigan maskanlar juda ko‘p. Jumladan, yaqinda foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan Samarqand tumanidagi Yangiariq mahallasi hududidagi «Oqbo‘yra garden» sayyohlik hududi ham nafaqat xorijlik, balki mahalliy sayyohlar uchun ham maroqli hordiq chiqaradigan joyga aylanadi.

Loyiha qiymati 10 milliard so‘m bo‘lgan mazkur dam olish zonasida kemping, cho‘milish havzasi, sport maydoni, dam oluvchilar uchun turli konsert va shou-dasturlar namoyish etish uchun ochiq osmon ostida sahna qurilgan. Bundan tashqari, tabiat manzaralaridan bahramand bo‘lish uchun toqqa sayohatga chiqish mumkin. Zamonaviy talablarga javob beradigan ushbu dam olish zonasi yaqin kunlar ichida o‘zining ilk mehmonlarini qabul qiladi.

Samarqand viloyati turizmni rivojlantirish departamenti axborot xizmati.