Oqdaryoda qoidabuzar haydovchi YPX inspektoriga pora berishga urindi
Kecha, 24 sentyabr kuni Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanidan o‘tuvchi M-37 yo‘lining 6-kilometrida xizmat olib borayotgan YPX inspektori “Samarqand-Toshkent” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan “Kaptiva” rusumli avtotransport vositasini to‘xtatib tekshirgan vaqtida, avtomashina haydovchisi, Toshkent shahrida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan M. avtotransport vositasini ishonchnomasiz boshqarib kelayotganligini aniqlab, unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan va transport vositasini vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirgan.
Shu vaqtda haydovchi YPX inspektoriga avtotransport vositasini jarima maydonchasidan chiqarib berish evaziga pora tariqasida 2.000.000 (ikki million) so‘m miqdorida pul taklif qilgan.
YPX inspektori haydovchiga pora berish jinoyat ekanligini tushuntirishiga qaramay, haydovchi unga pora taklif qilishda davom etgan.
Shu kuni IIV o‘z xavfsizligi boshqarmasi Samarqand viloyati bo‘yicha bo‘limi hamda Oqdaryo tumani prokuraturasi xodimlari ishtirokida tezkor tadbir o‘tkazilib, fuqaro M. avtoturargoh qorovulxonasida YPX inspektoriga 2.000.000 so‘m miqdordagi pullarni pora tariqasida bergan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlangan.
Samarqand viloyati IIB YHXB axborot xizmati xabariga ko‘ra, hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.