Oqdaryodagi shifoxonada dezinfeksiya tunneli yo‘q: Masala xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasiga kiritiladi

“Adolat” SDPning xalq deputatlari viloyat hamda Samarqand shahar Kengashlaridagi deputatlik guruhining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbarining pandemiyaga qarshi kurashishga oid farmon, qaror va farmoyishlarining joylardagi ijrosi muhoakam qilindi.

Partiya viloyat kengashi raisi Muhiba Bobobekova ishchi guruh tomonidan Urgut, Toyloq, Jomboy, Oqdaryo tumanlari va Samarqand shahrida koronavirus tarqalishining oldini olish, qulay sanitariya-epidemiologik muhitni ta’minlash, aholi salomatligini muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish natijalari to‘g‘risida ma’lumot berdi.

- Pandemiya sharoitida mahalliy hokimliklar, boshqarma va tashkilotlarning kirish joylarida 42 ta dezinfeksiya tunnellari tashkil etilgan bo‘lsa-da, karantin talablariga to‘liq rioya etilmayapti, - deydi xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashi deputati, ishchi guruh a’zosi Dilfuza Kamolova. - Xususan, Jomboy tumani moliya bo‘limi binosiga kirishda dezinfeksiya tunnelidan o‘tishni hech kim nazorat qilmayapti.

Tumandagi qishloq xo‘jaligi bo‘limi hamda Oqdaryo tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasi kirish qismiga dezinfeksiya tunneli shu vaqtga qadar o‘rnatilmagan. Ishchi guruh tomonidan ushbu muammoga mas’ullar e’tibori qaratilib, hal etildi.

Karantin talablariga rioya etishni, ya’ni oraliq masofani saqlash, zaruratsiz ko‘chaga chiqmaslikni aholi unutib qo‘ygandek. Masalan, Samarqand tumanidagi dehqon bozori, Samarqand shahridagi “Yoshlar” istirohat bog‘i, Toyloq tumanidagi “Novzandak”, “Jumabozor” mahalla fuqarolar yig‘inlarida ana shunday holatni kuzatish mumkin.

Deputatlar pandemiya sharoitida aholi bandligini ta’minlash, nochor oilalarga yordam ko‘rsatish borasida atroflicha fikr-mulohaza yuritishdi.

Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi masalani xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasiga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

“Adolat” SDP viloyat kengashi axborot xizmati.