O‘qituvchining maoshi nega kechikdi?
UzASBO oylik dasturiy tizimining oylikbot_uz kanali o‘qituvchilarning noyabr oyi ish haqlari hisoblangani haqida ma’lumot ko‘rsatib kelayotgan edi. Ammo besh kundan buyon bu maosh o‘qituvchining plastik kartasiga kelib tushmadi.
Masalaga oydinlik kiritish maqsadida bugun mutasaddi idoralar bilan bog‘landik. Maqola tayyorlanish jarayonida, nihoyat kechki soat 20:00 bilan jomboylik o‘qituvchilarning plastik kartasiga oylik maoshlari kelib tushdi.
“Agrobank”ning Jomboy tumani filiali rahbari Ozod O‘sarovning ma’lum qilishicha, bank plastik kartalarining “Humo” to‘lov tizimiga o‘tayotgani bunday noqulaylikka sabab bo‘lgan. Yangi yildan boshlab, amaldagi bank kartalari “Humo” plastik kartalariga to‘liq almashtiriladi. Mijozlar uchun keng qulayliklar yaratiladi.
Tuman XTB hamda bank jamoasi texnik nosozlik uchun o‘qituvchilardan uzr so‘raydi.
Ma’lumot uchun, byudjet tizimida ishlovchi xodimlarning oylik maoshi har oyning beshinchi sanasigacha to‘lab berilishi belgilangan.
“Jomboy tongi”.