O‘quvchisi o‘qishga kirolmasa, yana o‘qituvchi aybdor...mi?

O‘quv yilining tugashiga ham sanoqli kunlar qoldi. To‘g‘rirog‘i, g‘alvirni suvdan ko‘taradigan payt keldi. Hozir maktab bitiruvchilari bir olam orzular og‘ushida. Chunki ular hayotga katta qadam tashlash tadorigida turibdi.

Lekin biz qalamga olmoqchi bo‘lgan mavzumiz sal boshqacharoq. Gap shundaki, bugun ayrim bitiruvchilar o‘z o‘rinlari qayerda ekanliklarini to‘g‘ri anglab yetmayaptilar. Ko‘cha-ko‘yda ular bilan suhbatlashib qolamiz. “Mana, maktabni ham bitiryapsan, o‘qishni qayerda davom ettirasan?” degan savolimizga mujmal javob olyapmiz. “Maktabni bitiraveraylik-chi ko‘ramiz-da”, “Bilmasam, uyog‘ini dadam biladi”, “Oyim muallimlarning oyligi ko‘p deyapti, shunga topshirsammikin?”... shunga o‘xshash javoblar ko‘p.

Endi, ayting, bunday yoshlardan nimani kutish mumkin? Xohlagan maktabga boraylik. O‘qiyman, izlanaman degan o‘quvchiga yetarli sharoit bor. Afsuski, bunday imkoniyatlardan foydalanmay, ota-onani, maktab ma’muriyatini sarosimaga solayotgan yoshlarimiz ham yo‘q emas. Eng yomoni, o‘qishni davom ettirish bir tomonda qolib, chet eldagi qora mehnatni orzu qilayotganlarga nima deyish kerak?

Hozir maktablar umumiy ahvoliga qarab “yashil”, “sariq”, “qizil” toifalarga ajratildi. Achinarlisi, Payariqdagi 15 ta maktab “qizil” toifaga tushib qolgan. Sababi, maktab o‘quvchilarining ikki yildan buyon oliy o‘quv yurtiga kirish ko‘rsatkichi “nol”ni tashkil etyapti. Bunday holatga yo‘l qo‘yib bergan ota-onalarga ham “rahmat” deyish kerak emasmi? Shuncha imkoniyatni oyoq osti qilgan o‘sha bolaga-chi.  Buyoqda o‘qituvchining fig‘oni falakka chiqib ketayotganligi bilan nima ishi bor ularning? O‘quvchilarimning birontasi oliy o‘quv yurtiga kirolmabdi, deyish osonmi? Nega o‘qishga kirolmaydi, sen yaxshi o‘qitmagansan, tarbiya bermagansan, degan gaplar birinchi navbatda o‘qituvchisiga berilmaydimi? O‘qituvchi nima qilsin? Ta’lim berganiga aybdormi? Bu yerda ota-onaning, mahalla-ko‘yning o‘rni qani?

Yilda bir marta bo‘ladigan ota-onalar yig‘ilishiga ham borishni or biladiganlar bor. Ayoliga “sen boraqol baribir qo‘yishmaydi, yo‘qlamadan o‘tgin-da kelaver”. Ana sizga oddiy haqiqat. O‘g‘lim yoki qizim qanday o‘qiyapti, qaysi fanlarga qiziqadi, qaysi kasbga yo‘naltirsak bo‘ladi, deyish yo‘q. Hech kim indamasa bo‘ldi, buyog‘i hammasi besh. Ertaga farzandi o‘qishga kirolmasa, dunyoni ostin-ustun qiladi. “Maktabdagi muallimlarni qaytadan o‘qitish kerak, farzandim zo‘r edi, unga o‘rgatadigan o‘qituvchisining tayini yo‘q” kabi gaplarni qalashtirib tashlaydi.

Bu bilan ota-onalarning hammasi ham beparvo demoqchi emasman. Maktab  ota-ona - o‘quvchi o‘rtasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerak. Farzand kelajakda qaysi kasbni tanlaydi, shunga qarab uning o‘qishini belgilash lozim. Kerak bo‘lsa, qo‘shimcha adabiyotlarni ham olib beraylik. Uning qiziqishi bundan ham oshib boraversin. Shunda samara bo‘ladi. Yuqoridagiga o‘xshab “Oyim biladi, dadam unday deyapti, o‘qituvchimiz falon oliygohga hujjat topshir deyapti” kabi so‘zlarga o‘rin qolmaydi.

Husniddin Xoldorov.