Oromgohlar bolalarni qabul qilishga shaymi?
Urgut tumanidagi “Chorchinor” bolalar oromgohida yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlarini namunali tashkil etishga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.
Masalaga mas’ul idoralar rahbar va xodimlari ishtirok etgan seminarda viloyat hokimining o‘rinbosari X.Ochilov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat kengashi raisi o‘rinbosari B.O‘rolboyev joriy yil yoz mavsumiga bolalar oromgohlarini tayyorlash, bolalarning sifatli sog‘lomlashtirilishi va dam olishlarini tashkil etish bo‘yicha bajarilayotgan ishlarga to‘xtaldi.
Ta’kidlanishicha, 2021 yil yoz mavsumi davomida viloyatda 74 ta shahardan tashqari va kunduzgi oromgohlar faoliyat yuritadi, ularda 21 130 nafar bola sog‘lomlashtiriladi. 18 ta shahardan tashqari oromgohlarda 9 630 nafar bolani dam oldirish uchun 4 mlrd. 781,1 mln. so‘m mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan.
Tashkil etilayotgan 56 ta kunduzgi oromgohda 11 500 nafar bolani dam oldirish maqsadida 575 mln. so‘m mablag‘lar yo‘naltiriladi (ota-onalar badali 25 foiz - 143,7 mln. so‘m, homiylar mablag‘i 75 foiz - 431,2 mln. so‘m).
Bu yilgi mavsum davomida oromgohlar 4 davra faoliyat ko‘rsatadi, 1 davrada 2485 nafar bolalar sog‘lomlashtiriladi. Mavsum davomida shahardan tashqari 18 ta oromgohga 332 nafar ishchi-xodimlar - tarbiyachi, yetakchi, to‘garak rahbari, sport yo‘riqchilari, tibbiyot xodimlari biriktirildi.
Oromgohlarda ta’lim-tarbiya ishlarini sifatli olib borish maqsadida viloyat, tuman va shahar axborot-resurs markazlari tomonidan ko‘chma kutubxonalar tashkil qilinib, har bir oromgoh 600-700 tagacha badiiy adabiyot, gazeta va jurnallar bilan ta’minlandi.
Oromgohlarda madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish maqsadida viloyat madaniyat boshqarmasi tomonidan alohida dastur ishlab chiqilib, 18 ta oromgohga taniqli san’atkorlar, teatr aktyorlari ishtirokida konsert dasturlari namoyish etilishi belgilangan.
Shuningdek, seminarda mavsum davomida bolalarning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda yo‘nalishlarga ixtisoslashgan oromgohlar ham tashkil etilishi belgilangan.
Xususan, iqtidorli tarbiyalanuvchilar uchun “Intellektual rivojlantirish”, “Texnika ijodkorlik”, “Ekologik-biologik o‘lkashunoslik”, “Badiiy ijodiyot”, shuningdek, tarbiyasi og‘ir, ijtimoiy muhofazaga muhtoj bolalar uchun “Tarbiya va sport sog‘lomlashtirish” oromgohi tashkil etiladi.
Seminar davomida mutaxassislar tomonidan oromgohlarda 12 kunlik namunaviy taomnoma asosida bolalar ovqatlanishini tashkil etishda sanitariya qoida va me’yorlari talablari tushuntirildi. Oromgohlarda ma’naviyat xonalarini tashkil etish, bolalar qiziqishlaridan kelib chiqqan holda to‘garaklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish namuna tarzida ko‘rsatib o‘tildi.
Bundan tashqari, oromgohlarda jamoat va yong‘in xavfsizligi ta’minlash borasida oromgohlar rahbarlarining mas’uliyati, oromgohlarda malakali tibbiy-profilaktik yordam ko‘rsatish, sport tadbirlari va musobaqalar tashkil etish, suzish havzasidan foydalanishda sport murabbiylarini roli to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
Eslatib o‘tamiz, oromgohlarda bu yilgi mavsum 11 iyundan boshlanadi.
Jasur Mamadaminov.
Jabbor Nabiyev (foto).