Oromgohlardagi muammolar ta’tilgacha hal bo‘ladimi?

Hademay o‘quv yili tugab, maktab o‘quvchilari ta’tilga chiqadi. Bolalar oromgohlarda dam oladi. Ayni kunda oromgohlar bolalarni qabul qilishga tayyormi? Oromgohlarda bolalarning dam olishi, ta’tilni mazmunli o‘tkazishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar talabga javob beradimi? Shu savollarga javob topish maqsadida viloyatimizdagi ayrim oromgohlarda bo‘ldik.

Dastlab Samarqand tumani Mironqul mahallasida joylashgan «Uchqun» bolalar oromgohida bo‘ldik. Bu yil oromgohning nomi «Samarqand» deb o‘zgartirilibdi. Oromgohga kiriladigan yo‘l tor va asfalt qilinmagan. Yaqinda yo‘lga tosh to‘kilgan, ammo atrofiga yoritish chiroqlari qo‘yilmagan. Maydoni 2 gektar atrofida bo‘lgan ushbu oromgoh hududi o‘ralmagan. Shuningdek, oromgohda suv muammo ekan.

«Samarqand» bolalar oromgohi 100 o‘rinli bo‘lib, unda uchta yotoqxona, ikkita yozgi ayvoncha mavjud. Yotoqxonalar ta’mirga muhtoj, deraza oynalari singan, pol va shiftlar eskirgan. Krovatlar va matraslar achinarli holatda.

Oromgohda manzarali va sersoya daraxtlar bo‘lib, ularning tagidagi o‘t-o‘lanlar o‘sib, o‘tgan yilgi daraxt xazonlari uyulib yotibdi.

- Shu paytgacha bolalar oromgohlari viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tasarrufida bo‘lgan. Respublika Prezidentining 2022 yil 19 noyabrdagi «Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimida Bolalarni sog‘lomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga ko‘maklashish jamg‘armasi hamda Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti tashkil etildi, - dedi Bolalarning dam olishini va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamentining Samarqand viloyat boshqarmasi boshlig‘i Feruza Qilicheva. – Endi oromgohlardagi shart-sharoitlar kasaba uyushmalari qoshida ochilgan departamentlar tomonidan amalga oshiriladi. Yillar davomida oromgohlarga e’tiborsiz yondashilgani bois bugun achinarli ahvolga kelib qolgan. Ammo bu degani hamma ishni kasaba uyushmasi o‘z zimmasiga oladi, degani emas. Masalan, oromgohlar yo‘llari, elektr energiyasi, gaz, suv ta’minoti, obodonlashtirish ishlarining o‘z mas’ullari bor. Bu haqda viloyat hokimining 2023 yil 5 martda qarori qabul qilingan bo‘lib, 23 kishidan iborat komissiya tarkibi belgilangan. «Samarqand» bolalar oromgohida daraxt shoxlari o‘sib, elektr simlariga tegib qolgan, ushbu soha xodimlari kelib, bu muammoni bartaraf etishi kerak. Oromgohda yig‘ilib qolgan chiqindilarni obodonlashtirish tashkiloti olib chiqib ketishi, yo‘llarni asfaltlab berish, oromgohga kirish joyida ota-onalar uchun kutish maydoni qilish kabi ishlarni hokimlik bajarishi lozim.

Keyingi manzil — «Samarqand» oromgohining yaqinida joylashgan «Yosh astronomlar» bolalar oromgohi.

Eski nomi «Yangi O‘zbekiston» bo‘lgan, 1953 yilda qurilgan 300 o‘rinli oromgohda ta’mirlash ishlari ketyapti. Bir yildan beri qarovsiz bo‘lgan oromgohda oltita yotoqxona, kutubxona, madaniyat uyi bor. Yotoqxonadagi krovatlar, deraza oynalari sinib, matraslar yirtilib ketgan. Hovlida bargxazonlar to‘planib turibdi, lekin olib ketilmagan. O‘tinxona yaroqsiz holga kelgan. Basseyn, oshxona, kutubxona, yotoqxonalarning barchasi ta’mirtalab.

Samarqand tumani Ohalik mahallasidagi «Kamalak» bolalar oromgohidagi ahvol ham yuqoridagi singari achinarli holatda. Payariq tumani hokimligiga qarashli ushbu oromgoh 100 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda ham ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Samarqand shahar hokimligiga qarashli, 1953 yilda qurilgan «Alpomish» oromgohi 220 o‘ringa mo‘ljallangan. Oshxona ichida 4-5 ta tikuv mashinasi, stol-stul va idish-tovoqlar tartibsiz ravishda qalashib yotibdi. Ushbu oromgoh har holda yuqoridagi oromgohlardan ko‘ra biroz yaxshiroq saqlangan bo‘lib, tibbiyot xonasi, ma’naviyat-ma’rifat markazi, yotoqxonalar ta’mirdan chiqarilyapti. Ammo bu yerda ham chiqindi to‘planib qolgan.

Ohalikdagi «Sitora» bolalar oromgohi ham ta’mirtalab, hojatxonalar yaroqsiz ahvolda, hovlida o‘tlar o‘sib yotibdi. Kesilgan daraxt shoxlari ham olib ketilmagan.

- Viloyatimizdagi 15 ta bolalar oromgohi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Samarqand viloyati kengashiga o‘tkazildi, - dedi Feruza Qilicheva. – Biz shu yildan boshlab oromgohlarni zamonaviy shart-sharoitlarga ega, xalqaro standartlarga javob beradigan holatga keltirish niyatida imkoniyatdan kelib chiqib, ularni birma-bir yangidan qurmoqchimiz. Masalan, bu yil Kattaqo‘rg‘on tumanidagi «Ibn Sino» bolalar oromgohini qaytadan qurish ishlarini boshladik. Ushbu oromgoh qarovsiz holatda qoldirilib, 3-4 yildan beri faoliyat ko‘rsatmagan. Kelgusi yil «Sitora» oromgohini qayta qurishni rejalashtiryapmiz.

Tog‘ yon bag‘rida joylashgan ushbu oromgohlar haqiqatda yillar davomida e’tibordan chetda qolgan. Havosi toza, manzarali daraxtlari ko‘zni quvontiradi. Ammo oromgohlar hududi o‘rab olinmagan. Shu sababli ayrimlarining hududini noqonuniy o‘zlashtirib olish holatlari mavjud. Oromgohlarning deyarli barchasiga ko‘prik orqali soydan o‘tib boriladi. Ushbu ko‘priklar va yo‘llar ta’mirtalab.

Toyloq tumanidagi «Amir Temur» bolalar oromgohiga bu yil «Adas» nomi berilibdi. Oromgohda ta’mirlash ishlari olib borilyapti. Ushbu oromgoh ham chegaralanmagani sababli yonida joylashgan tutzor egasi o‘zi va chorva mollarini oromgoh darvozasidan olib o‘tar ekan. Tadbirkor o‘ziga tegishli hududdan eshik ochishni istamasdan har safar oromgoh mas’ullari bilan janjallasharkan. Ushbu muammoni ham tuman hokimligi bartaraf etadi, degan umiddamiz.

Oromgohlar ichida Urgut tumanida joylashgan «Chor chinor» bolalar oromgohi go‘zal tabiati va shart-sharoitlari bilan e’tiborni tortadi. 1973 yilda qurilgan 300 o‘rinli oromgoh 10 gektarga yaqin maydonni egallagan. Oromgohda sakkizta yotoqxona bo‘lib, shundan oltitasi sendvich paneldan qurilgan. Binolar va undagi jihozlar yaxshi saqlangan. Manzarali va mevali daraxtlar tartib bilan ekilgan.

- Joriy yildan barcha bolalar oromgohlaridagi matras, choyshab, idish-tovoqlarni yangilaymiz, - dedi F.Qilicheva. – O‘zingiz guvohi bo‘lganingizdek, ular talabga javob bermaydi. Ayni kunda kasaba uyushmasi qoshidagi qurilish tashkiloti tomonidan oromgohlar ta’mirlanmoqda. Bolalarning yozgi ta’tili boshlangunga qadar yuqoridagi muammolarni bartaraf etamiz. Faqat boshqa mas’ullar ham o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaramasdan, astoydil bizga yordam bersa, yaxshi bo‘lardi.

Oromgohlardagi bunday egasizlik va qarovsizlikning oldini olish, oilaviy dam oluvchilarga shart-sharoit yaratish maqsadida ushbu oromgohlarni mavsumiy ishlatish rejalashtirilmoqda. Haqiqatda ham oromgohlar may oyining oxirigacha tayyor holatga keltiriladimi? Mavzuga yana qaytamiz.

Xurshida ERNAZAROVA,
«Zarafshon» muxbiri.
Fotomuxbir Husan ELTOYeV.