Ortiqcha vaznli kishilarda vaksinaning faol moddasi qon oqimi orqali tanaga tarqalmay, yog‘ qatlamlarida «botib» qoladi

«Nature» jurnalida yozilishicha, ortiqcha vaznli insonlarni koronavirusga qarshi emlash samaradorligi juda kam bo‘lar ekan.

Shuningdek, Nijniy Novgorod milliy tadqiqot universitetining biologiya va biotibbiyot instituti direktori Mariya Vedunovaning ta’kidlashicha, ortiqcha vaznli odamlarda surunkali immunitet tanqisligi sababli turli kasalliklarga qarshi emlash samaradorligi tana vazni me’yorda bo‘lganlarga qaraganda past bo‘ladi.

Novosibirsk davlat universiteti tabiiy fanlar fakultetining biotexnologiya va virusologiya laboratoriyasi mudiri Sergey Netesov ham ortiqcha vaznli kishilarni emlash ayrim sabablarga ko‘ra, samarasiz bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Xususan, kasallikning og‘ir o‘tishi qisman D vitamini yetishmovchiligidan kelib chiqadi. Vaksinaning faol moddasi qon oqimi orqali butun tanaga tarqalmay, yog‘ qatlamlarida «botib» qoladi, deb ta’kidlaydi S.Netesov.

Xullas, olimlar o‘ta semiz kishilarning koronavirusdan o‘lim xavfi Rossiyada to‘qqiz marta oshishi mumkinligini bashorat qilmoqda.