Osiyo va jahon chempioni, pastdarg‘omlik dzyudochi Diyora Keldiyorova turmushga chiqdi: Endi u faoliyatini tugatadimi?

24 iyun kuni Mo‘g‘ulistonda dzyudo bo‘yicha o‘tkazilgan “Katta dubulg‘a” musobaqasida 52 kilogramm vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan pastdarg‘omlik Diyora Keldiyorova oltin medalni qo‘lga kiritdi. Hal qiluvchi bellashuvda hamyurtimiz rossiyalik Alesya Kuznetsovaga imkoniyat qoldirmadi va “Katta dubulg‘a” turnirining ikki karra g‘olibiga aylandi.

U o‘tgan yil ispaniyalik Estrella Sheriff Lopesga qarshi tatamiga chiqib, o‘zbekistonlik dzyudochi qizlar orasida ilk bor “Katta dubulg‘a” turnirida chempion bo‘lgan edi. Ahamiyatlisi, Diyora mazkur turnirda oltin medal bilan birga, Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari uchun 500 reyting ochkosiga ham ega bo‘ldi.

Ushbu musobaqadan so‘ng, Diyora ketma-ket ikkita nufuzli turnirda ishtirok etdi. Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahrida dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida amaldagi jahon chempioni, yaponiyalik Ai Shishimeni birinchi daqiqadayoq mag‘lubiyatga uchratib, ikkinchi bor Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, yaqinda Turkiyaning Konya shahrida o‘tkazilgan Islom birdamligi o‘yinlarida ham oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Diyora Keldiyorova 1998 yilda Past Darg‘om tumanining Po‘latchi mahallasida tug‘ilgan. 18 yildan buyon dzyudo bilan shug‘ullanib keladi.

- Qizim ishtirok etgan har bir musobaqani hayajon bilan kuzatamiz, - deydi Diyoraning onasi Dilorom Sharipova. – Yoshligidan chempion bo‘laman, televizorda ko‘rsatishadi, butun O‘zbekiston meni olqishlaydi der edi. Mana, niyatiga yetdi, jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, chempion bo‘ldi. Bundan boshimiz ko‘kka yetdi. Ustozlari va mahallamizdagilar uyimizga kelib g‘alaba bilan tabrikladi va hammasi uchun rahmat aytishdi. Rosti, ko‘zimga yosh keldi, bu ota-ona uchun faxr.



- Inson qayerda tug‘ilishidan, kim bo‘lishidan qat’iy nazar tinimsiz mehnat qilib, o‘z ustida ishlasa, maqsadiga albatta erishadi, - deydi Diyora. - 6 yoshimda Xurshida Xalikova qo‘l ostida shug‘ullanishni boshlaganman va u kishining murabbiyligida 2010 yilda ilk marta O‘zbekiston chempioni bo‘ldim. Shundan keyin musobaqalarda g‘albali yurishim evaziga 2013 yilda terma jamoaga qabul qilindim. Bu yerda Nelya Kiyamova qo‘l ostida mashg‘ulotlarni davom ettirib, 2015 yilda jahon chempioni, xalqaro musobaqalar g‘olibi, ikki karra Osiyo, ikki karra “Katta dubulg‘a” turniri chempioni, Islom birdamligi o‘yinlari g‘olibi bo‘ldim. Bu faoliyatimdagi eng yaxshi natijalarim. Lekin men tatamiga chiqqanimda natija haqida emas, yurt sha’ni muhimligini o‘ylayman. Musobaqada g‘olib bo‘lgan sportchi sharafiga arenada davlat madhiyasi yangrab, yurt bayrog‘i baland ko‘tariladi. Menimcha sportchi uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak.

Diyora yaqinda Islom birdamligi o‘yinlaridan qaytgach, turmushga chiqdi. Shundan so‘ng, sportchi faoliyatini yakunlashi haqida xabarlar tarqaldi. Bunga Diyoraning o‘zi shunday izoh berdi.

- To‘g‘risi, ko‘pchilik bu xabarni eshitgach, faoliyatingizni tugatdingizmi, deb so‘radi. Dzyudo hayotimga aylangan, faoliyatimni hali tugatmayman. Qolaversa, turmush o‘rtog‘im Azamat Matyoqubov ham dzyudochi. U kishi bilan mashg‘ulotlarni birgalikda olib boramiz. Oldinda Parij-2024 olimpiya o‘yinlari musobaqasi turibdi. Ushbu nufuzli musobaqada ham g‘olib bo‘lishni maqsad qilganman, - deydi Diyora.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.