Osmondan ko‘rinadigan ulkan tabassum: Amerikalik o‘rmonchilarning ijod mahsuli
AQShning Oregon shtatida odamlar kayfiyatini ko‘taradigan o‘rmon bor. Har kuzda daraxtlar bilan qoplangan tog‘ yonbag‘rida ulkan sariq tabassum paydo bo‘ladi.
Diametri taxminan 100 metrni tashkil qiladigan tabassum ikki xil turdagi – biri kuzda rangini o‘zgartiradigan, ikkinchisi esa doim yashil ignabargli daraxtlardan tayyorlangan.
Gigant “smayl” qayerdan paydo bo‘ldi?
Oregon smaylikining tarixi 2011 yilga borib taqaladi. Hududga egalik qiluvchi “Hampton Lumber” kompaniyasi o‘rmonlarni tiklash jarayonida biroz “hazillashish”ga qaror qildi. Rejalashtirilgan ishlar tugagach, o‘rmonchilar sog‘lom daraxtlar o‘stirishini ta’minlash maqsadida choralar ko‘ra boshlashdi. Odatda turli xil daraxt turlari va ko‘chatlar joylashuvi atrof-muhitga qarab ekiladi.
- Tabassum o‘rnatish g‘oyasi kompaniya rahbari Devid Xempton va o‘rmon xo‘jaligi xodimi Dennis Krildan chiqqan. Ish jarayonida biz bu hudud katta yo‘lda ketayotgan odamlarga yaxshi ko‘rinib turishini bilardik. Shunday qilib, Devid va Denis yaxshi kayfiyat yaratish imkoniyatidan foydalanishga qaror qildi, – deydi “Hampton Lumber” vakili.
Tabassum qanday “o‘tqazib qo‘yildi”?
Dastlab arqon yordamida aylana chegaralari belgilab olindi, so‘ng ko‘z va og‘iz o‘rniga doim yashil Duglas oq qarag‘ayi ekilib, qolgan qismi ignabargli daraxtlardan farqli o‘laroq, kuzda ignalarini yo‘qotib, sarg‘ayib qoladigan tilog‘och (ignabarglilarga mansub daraxt) bilan to‘ldirib chiqildi.
Kayfiyatni ko‘taradi
Bugungi kunda bahaybat “smayl” mahalliy aholi kayfiyatini ko‘tarishga yordam beradi.
- Aslida bu juda depressiv hudud. Ammo mashina haydab ketayotganingizda albatta u (tabassum) ko‘zga tashlanadi, bu albatta kayfiyatingizni oshiradi. Bexosdan iqror bo‘lasiz: “bugun kunim yaxshi o‘tadi, chunki o‘rmon menga ulkan tabassumini hadya qildi”, - deydi mahalliy ayol.
Tabassumli yuz vaqt o‘tishi bilan o‘z qiyofasini o‘zgartirishi mumkin, ammo “Hampton Lumber” mutaxassislarining ta’kidlashicha, u kamida yana 10 yil davomida aniq tasvirini yo‘qotmaydi. Taxminan 30-50 yildan keyin esa daraxtlar kesilib, o‘rniga yangilari o‘tqaziladi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.