Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi
So‘zda sehr, joziba bor. Uning sehri shu darajadaki, kishini lol qilishi, hayratga solishi, ranjitishi, xursand yo xafa qilishi, kasallikka mubtalo etishi yoki aksincha bemorni oyoqqa turg‘azib yuborishi hech gapmas. Inson u yoki bu kishilar bilan munosabatga kirishar ekan, muomalasini so‘z vositasida ifoda qiladi. Bundan boshqa vositalar so‘zdek tugal mazmun kasb etmaydi.
So‘zning sehr kuchi otalar aytadigan so‘zlarda mujassam. Ota-bobolarimiz katta hayot tajribasiga, ko‘nikma va mahoratga ega bo‘lib, ularning naqlu hikmatlari manbalarda uchrayvermaydi. Masalan, “Kamni bersang ham g‘amni berma”, “Qadam yetdi, balo yetmasin”, “Omonlik, tugallik bo‘lsin, serrizq-serdavlat bo‘lsin” kabi tilaklar kaftlar duoga ochilganda aytiladi. Oppoq soqoli ko‘ksiga qadar tushgan nuroniy bobolarimiz qayerda bo‘lishmasin, ilohiylikka yo‘g‘rilgan, qalbga allaqanday surur, sokinlik, halovat indiradigan shu kabi so‘zlarni ko‘p aytishadi. Biz, duotalab farzandlar ham biror ishga kirishishdan avval yo biror joyga borishdan oldin keksalarimizdan duo qilishlarini so‘raymiz. Nega? Negaki, nuroniy bobolar tilagi ijobat bo‘lishiga ishonamiz. Ayni shu tilaklarning ruhi va nuri so‘nmasligini, ular doimiy ilohiylikka qorishgani, shunchaki til uchida aylanadigan so‘zlar emas, balki dil tubidan otilib chiqadigan ulug‘ kalomlar ekanini ham anglaymiz.
Ota-bobolarning shu paytga qadar turmush va ijtimoiy hayotda qo‘llab kelgan oltinga teng hikmat, naql, maqollari borki, bugungi kunda ular madaniy qadriyatimizning bir bo‘lagiga, xalq og‘zaki ijodiyotining noyob namunalariga aylanib ulgurgan. Azaldan sharq donishmandlik o‘chog‘i bo‘lib kelgan, ayni shu qutb falsafasi odamiylik ilmi borasida mukammallikka ega. Binobarin, bugungi kunlarga qadar donishmandlik rutbasiga ega bo‘lgan ota-bobolar o‘z farzandlarini ham mana shu maqomda, ruhda tarbiyalaganlar. Oriyatlik, mardlik, jasorat bobida o‘rnak bo‘lganlar, andisha, tavoze, halol-haromdan saboq berganlar. Bunda so‘z birlamchi rol o‘ynagan, albatta. Ammo bugun taraqqiy etib borayotgan jamiyatda biz texnika kashfiyotlariga sehrlanib qolganimiz uchun ham qalbga ruh va nur indiradigan, chin insoniylik saboqlarini beradigan, asl hayot falsafasi sanalgan ana shu nodir durdonalardan uzoqlashayotgandekmiz. Qadimiy va bebaho hisoblangan ota-bobolarimiz so‘zlarini unutib bormoqdamiz. Xalq hikmatlari, xalq maqollarini o‘qimay qo‘ydik. Kitobdan tobora uzoqlashib, internet asiriga aylandik. Aksariyat vaqtimiz ham virtual olamda kechayotir. Oqibat-chi?
Endi do‘ppini bir joyga qo‘yib, fikrlash fursati keldi. Tafakkur qilaylik, tanamizga o‘ylab olaylik. Asriy qadriyatlarimiz, durdonalarga teng ma’naviy boyliklarimiz - hikmatu falsafalar koni bo‘lmish xalq so‘zlariga yana qaytaylik. O‘qiylik, yod olaylik. Axir, so‘z nafasi bilan ulg‘aydik, so‘z nafasi bilan kamolga yetayotirmiz. Har birimiz o‘z so‘zimizga ega bo‘lishimiz uchun ham moziyga nazar solaylik. Otalar so‘zining salmog‘i og‘ir. Otalar so‘zining mag‘zi to‘q. Otalar so‘zining umri boqiy. Axir bejizga «Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” deyishmagan-da.
Umid Ko‘chimov,
Urgut tumanidagi 98-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi.