OTM xodimlari to‘lov-kontraktdan tushgan mablag‘lar hisobiga moddiy rag‘batlantiriladi

Hukumat qarori (517-son, 26.08.2020 yil) bilan Respublika oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari va boshqa toifadagi xodimlarini byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanali xabar berdi.

Nizomga muvofiq, pul mukofotlari, ustamalar va qo‘shimcha haqlar miqdori har bir xodimning OTM faoliyati samaradorligiga qo‘shgan shaxsiy hissasiga qarab belgilanadi.

OTM har yili professor-o‘qituvchi va xodimlar tomonidan bajarilgan ishlarining samaradorligi va sifatiga qarab moddiy rag‘batlantirish tartibi va hajmlarini belgilashi shart.

Moddiy rag‘batlantirish nafaqat bir xodim uchun, balki jamoatchilik ishlarini bajargan butun bir jamoa, kafedra, fakultet, ilmiy laboratoriya va boshqa bo‘linmalar xodimlariga ham berilishi mumkin.

Nizomga ko‘ra, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘ning 30 foizdan ko‘p bo‘lmagan qismi ta’lim muassasasi xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga sarflanishi mumkin.

Nizom bilan OTM professor-o‘qituvchi va boshqa toifadagi xodimlarini rag‘batlantirishning asosiy mezonlari belgilandi.