O‘tmish sadosi: 4000 yillik saroy

Xitoyning Xenan provinsiyasida arxeologlar yoshi 4 ming yil bo‘lgan saroy va omborxona xarobalarini aniqladilar. Bu topilmalar Chjenchjou shahridagi “Chjusyu” ibodatxonasi xarobalaridir.

Saroy va omborxona qadimgi Xitoyda - eramizdan avvalgi 2070 yildan 1600 yilgacha hukmronlik qilgan Siya sulolasi davrida barpo etilgan.

Qazish ishlari chog‘ida yer ostida kattaligi 1800 kv/metr - uzunligi 60 metr, eni 30 metr bo‘lgan maydon aniqlandi. Saroy xarobalarida o‘sha davrga tegishli qurilish, kulolchilik, duradgorlik va boshqa me’morchilik buyumlari saqlanib qolgan.

Arxeologlarning so‘zlariga qaraganda, topilma qadimgi shimoliy Xitoyda odamlar yashash tarzi, uy-ro‘zg‘or maishiy buyumlari, g‘allani omborxonada saqlash texnologiyasi, taraqqiyot darajasini o‘rganish, lalmi dehqonchilik usullari tarixi bilan tanishish imkonini beradi.

T.Shomurodov tayyorladi.