O‘tmishdan kelgan odam. Nasib qilmagan xazina

Turli davrlarda o‘tmishdan kelgan odamlar haqida afsona va mish-mishlar yuradi. Buni qarangki, bu behuda emas ekan.
1950 yilda AQShda ro‘y bergan hodisa afsonalarda jon borligini ko‘rsatdi, ya’ni odamlar o‘tmishdan kelgan odamga guvoh bo‘lishdi. O‘shanda g‘ira-shira oqshom tushganida Nyu-Yorkning Taymsskver rayonidagi maydonda o‘tkinchilar 100 yil avvalgi urfda kiyingan erkakni ko‘rdilar. U o‘sha davrda moda bo‘lgan uzun qora paltoda, uzun mo‘ylov qo‘ygan va oyog‘iga bog‘ichli botinka kiygan edi.
Erkak to‘satdan paydo bo‘ldi, hodisa kutilmaganda havo sharini yorilishidan chiqaradigan tovush bilan kechdi. U odam sarosimada tevarak-atrofga olazarak alanglardi. Guvohlarning aytishicha, u yo‘l belgilari va mashinalarga qo‘rqib va hadik bilan boqqan, ilgari bunaqa narsalarni ko‘rmagandan dovdirab qolgan edi. Biroz o‘tgach, svetoforning tasdiqlovchi signalida yo‘lni kesib o‘tmoqchi bo‘lganida mashina ostida qolgan. Marhumning cho‘ntagida 1870 yillardagi hujjatlar, 70 dollarga yaqin pul, 1876 yilda Filadelfiyaga jo‘natilgan xat kvitansiyasi va o‘sha davrga xos boshqa buyumlar bor edi.
Politsiya departamenti hodisani tekshirishni tergovchi Xyubert Rimga topshirdi. Rim eski arxiv hujjatlarini ko‘tardi va o‘tmishda haqiqatan ham shunday odam - Rodalf degan kishi yashaganini aniqladi. U bedarak yo‘qolgan ekan. Tayms-Skverda mashina ostida qolgan odam o‘sha Rodalf edi…
***
Amerikalik xazina qidiruvchi Jey Miskovich bir kuni eski xazina xaritasini sotib oldi. Do‘stlari Miskovich ustidan kulishdi: “Pulni bekorga sarflaganiga qarang, esi joyidamas buning”.
Miskovich ularga e’tibor bermay xaritada ko‘rsatilgan xazinani topishga otlandi. Buni qarangki, xarita chindan ham haqiqiy bo‘lib chiqdi. Miskovich xaritaga qarab 2010 yilda Florida qirg‘oqlari burunda xazinani topdi. Xazina 1 million dollar turadigan javohirdan iborat edi.
Ammo u Miskovichda nasib etmadi. Javohirning turgan-bitgani janjal bo‘ldi. Federal hokimiyat uni sotishni ta’kidladi, sud jarayoni boshlandi. Sud bir necha yil, ya’ni oxir-oqibat Miskovichning o‘ligi topilguncha davom etdi. Rasmiy taxminlarga ko‘ra, u o‘z joniga qasd qilgan emish. Javohirlarga nima bo‘lgani esa hozircha ham noma’lum.
T.Shomurodov tayyorladi.