OTMlarda har oyda korrupsiyaga qarshi kurashish kunini belgilash taklif etildi
Samarqand davlat universitetida Oliy Majlis Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Botir Matmuratov viloyatdagi oliy o‘quv yurtlari rektorlari, prorektorlar, o‘qituvchi va talabalar bilan korrupsiyaga qarshi kurashishga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazdi.
Eng yirik korrupsiya holatlari qurilish va ta’lim sohalarida uchrayotgani, unga qarshi kurashda avvalo, oliy ta’lim dargohi rektorlari, o‘qituvchilarining o‘rni katta ekanligi, talabalr o‘rtasida ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish lozimligi aytildi.
- Korrupsiyaga qarshi kurashishdan asosiy maqsadimiz bilimli, salohiyatli yoshlarni tarbiyalash, - dedi B.Matmurodov. – Korrupsiya qachon paydo bo‘ladi? Qachonki, domlalarning pulga ehtiyoji paydo bo‘lsa. Keling, ular uchun bir kunni maktablarda dars berish uchun ajratib beraylik. Maktabda bergan dars soatlari uchun ham olingan oylik ularning sessiyada pul olmasligiga zamin yaratishi mumkin. Shuningdek, talabalar o‘rtasida so‘rovlar olib borish lozim.
Talabalar bilan suhbatlardan ayon bo‘lishicha, birinchi bosqich tahsili davomida ular darslarga mas’uliyat bilan yondashadi, semestr yakunida esa domlalarning arzimagan pul evaziga baholarni qo‘yib bermayotganini ko‘rib, o‘qishga bo‘lgan qiziqishi yo‘qoladi. Aslida, domlalar bu pul bilan boyib qolmaydi. Ammo bu holat talabalarning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqini so‘ndiradi.
Uchrashuvda rektorlarga har oyning bir kunini korrupsiyaga qarshi kurashish kuni etib belgilash taklifi bildirildi.
Shuningdek, Senat qo‘mitasi raisi va qo‘mita a’zosi F.Toshev viloyat Xalq qabulxonasida ham bo‘lib, fuqarolarning korrupsiya bilan bog‘liq murojaatlarini tingladi.