O‘xshash taqdirlar

#O‘qing_qiziq!

Taqdir o‘yinlari qiziq. AQShning ikki prezidenti – Avraam Linkoln va Jon Kennedining taqdiri o‘rtasidagi ilohiy bog‘liqlik hamon amerikaliklarni hayratga solib keladi. Buning sirini aniqlashga urinish hali biror natija bergani yo‘q. Gap shundaki, taqdirlarni roppa-rosa 100 yil ajratib turadi. Biroq bir tomchi suvdek o‘xshash.

Birinchi eng oddiy o‘xshashlik: inglizcha variantda har ikkala prezidentning familiyalari yetti harfdan iborat.

Avraam Linkoln Kongressga 1847 yilda saylangan, Kennedi esa roppa-rosa 100 yildan keyin – 1947 yilda shu lavozimga kelgan.

Linkoln 1860  yilda prezident bo‘lgan, Kennedi esa 1960 yilda. Har ikkala prezident ham demokratik qarashlarga amal qilishgan. Ikkovi ham 24 yoshlik ayolga uylangan. Buning ustiga Linkoln rafiqasi ham, Kennedining  rafiqasi ham ular Oq uyda yashaganida o‘g‘illaridan judo bo‘lishgan.

Avraam Linkolnning shaxsiy kotibasi familiyasi Kennedi bo‘lgan. Jon Kennedining shaxsiy kotibasi ismi-sharifi esa Evemin Linkoln bo‘lgan. Linkoln kotibasi prezidentni xafvdan ogohlantirib, teatrga bormasligini maslahat bergan. Kennedining kotibasi ham xuddi shunday, bir necha marta o‘z boshlig‘ini Dallasga safarini bekor qilishga ko‘ndirishga uringan.

Har ikki prezident ham boshga orqadan tekkan o‘qdan halok bo‘lgan. Bu juma kuni, rafiqalari ko‘z o‘ngida yuz bergan.

Linkolnni Ford teatrida o‘ldirishgan. Kennedi esa “Linkoln” avtomobilida borayotganda halok bo‘lgan.

Linkolnning qotili uni teatrda otgan, so‘ngra g‘alla omboriga yashirinishga uringan. Kennedining qotili esa kitob omboridan o‘q uzgan va kinoteatr binosiga yashirinishga uringan.

Linkoln qotili Jon But 1839 yilda, Kennedining qotili deb gumon qilingan Li Xarvi Osvald - 1939 yilda tug‘ilgan. Xar ikkisining ham kelib chiqishi AQShning janubidan.

But va Osvald jinoyat sodir etgandan so‘ng ko‘p o‘tmay, ular ustidan sud o‘tkazilguniga qadar otib tashlangan.

Fojiali o‘limdan keyin Linkoln va Kennedining vitse-prezidentlari almashtiriladi. Taqdirini qarang: ularning ikkisining ham familiyasi Jonson edi.

Yanada hayratlanarlisi, Enduryu Jonson va Lindon Jonson 100 yil farq bilan, biri – 1808 yilda, ikkinchisi - 1908 yilda tug‘ilgan. Ikkalasi ham janubdan, demokrat va sobiq gubernator bo‘lishgan.

Erinmagan odamni qarang: bu o‘xshashlikni avstraliyalik yozuvchi Ervin Bart fon Verenapa ko‘p yillar o‘rgangan va o‘zining “Bunga ishonish qiyin” kitobida batafsil hikoya qilgan.

T.Shomurodov tayyorladi.