“Oyog‘ida jarohat bo‘lsa-da Parvina irodali kurashdi”
Ayni paytda Yaponiyaning Tokio shahrida XVI Paralimpiya o‘yinlari o‘tkazilmoqda. Nufuzli bellashuvda viloyatimiz sportchilari ham munosib ishtirok etyapti.
Quvonarlisi, Samarqand tumanining Quyiturkman mahallasida yashovchi 20 yoshli para-dzyudochi Parvina Samandarova ayollar o‘rtasidagi bahsda 57 kilogram vazn toifasida g‘oliblar safidan joy oldi. U finalda ozarbayjonlik Sevda Valiyevaga qarshi chiqdi, afsuski, hamyurtimiz vazari bahosi evaziga raqibiga imkoniyatni boy berib, Paralimpiya o‘yinlarining kumush medaliga sazovor bo‘ldi.
- Vaqtida qizim Parvinani sportchi bo‘lishiga qarshilik qilganman, - deydi chempionning onasi Nargiza O‘runova. – Dadasi qizimizni 7 yoshidan Samarqand shahridagi sport maktabiga murabbiy Dilnoza Bahromova qo‘liga topshirdi. O‘zim tibbiyot xodimi bo‘lganim sabab, qizimning bu yoshda qiynalishini xohlamaganman. Albatta, keyinchalik buni aksini ko‘rdim. Hozirda unga Arsen Babayan murabbiylik qilmoqda. Qizimning sportga bo‘lgan havasi jiddiy ekanini musobaqalardagi g‘alabalarini ko‘rgach amin bo‘lganman. Ayniqsa, kechagi Paralimpiya o‘yinlarida g‘olib bo‘lib, kumush medalini olgani bizni yanada quvontirdi. Qizim oltin medal ham olishi mumkin edi, ammo uning oyog‘idagi jarohati pand berdi. Nima bo‘lganda ham bu g‘alaba nafaqat qizimniki, balki xalqimizning mustaqillik bayramiga tuhfasi bo‘ldi. Buning uchun sportga e’tibor berayotgan Yurtboshimizga, ustozlariga minnatdorchilik bildiraman.
Nargiza opaning ta’kidlashicha, Parvinaning sportga qiziqishiga oiladagi muhit sabab bo‘lgan. Birinchi ustozi dadasi Asadxon Samandarov hisoblanib, o‘zi ham sambo bo‘yicha bir necha xalqaro musobaqalar g‘olibi bo‘lgan. Akasi Umidxon ham jahon taniydigan sportchi. Ayni paytda Parvina Samarqand davlat universiteti talabasi, o‘qishga ham erishgan yutuqlari sabab, grant asosida qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz: Parvina Samandarova 2018 yil Indoneziyada o‘tkazilgan III yozgi Paraosiyo o‘yinlarida, 2019 yil Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida oltin medalni qo‘lga kiritgan. Joriy yilning may oyida Ozarbayjonning Boku shahrida o‘tgan “Tokio-2020” Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi litsenzion turnirda kumush medali bilan taqdirlangan.
Husan Eltoyev.