O‘z-o‘ziga jarroh yoki qanday qilib Leonid Rogozov o‘zining ko‘richagini kesib tashladi

1960 yilning noyabr oyida shifokor L.Rogozov sobiq ittifoq Antarktida ekspeditsiyasining a’zosi bo‘ldi. Guruh Antarktidaga o‘sha yilning dekabr oyida keldi. 1961 yilning 29 aprelida shifokor o‘zida tashvishli alomatlarni seza boshladi.

Tana harorati oshib, ko‘ngli aynidi, o‘ng tomonining qovurg‘a bilan qorni orasidagi mushakda kuchli og‘riq his qildi. 13 kishidan iborat ekspeditsiyadagi yagona shifokor L.Rogozov o‘ziga o‘tkir appenditsit kasali tashxisini qo‘ydi. Konservativ davo usuli (tinch holat, ochlik, og‘riyotgan joyga sovuq qo‘yish, antibiotiklar) natija bermadi.

Ertasi kuni uning tana harorati yana oshdi. Yaqin Antarktida stansiyalarining hech birida samolyot yo‘q, bundan tashqari, noqulay ob-havo sharoiti qirg‘oqdan 80 kilometr uzoqlikda joylashgan stansiyaga uchib ketishga yo‘l qo‘ymasdi. Qutbchi hayotini saqlab qolishning birdan bir yo‘li bu shoshilinch operatsiyani o‘tkazish va bu vaziyatdan chiqish uchun operatsiyani uning o‘zi amalga oshirishida edi.

Rogozov operatsiyani 29 aprel tunda boshladi. Jarrohga meteorolog Aleksandr Artemev yordam berdi, u asboblarni yetkazib turdi, muhandis-mexanik Zinoviy Terlinskiy oshqozon to‘g‘risida kichik dumaloq oyna va nurli stol lampasini ushlab turardi.

Rogozov chap tomonga burilib yotgan holda, joyga og‘riqsizlantirish maqsadida novokain eritmasini o‘tkazdi, shundan so‘ng u skalpel bilan o‘ng yonbosh sohasiga kesim qildi. Oynaga qarab va paypaslab (qo‘lqopsiz) u yallig‘langan qo‘shimchani olib tashladi va qorin bo‘shlig‘iga antibiotik eritmasini yubordi. Umumiy zaiflik va bosh aylanishi tufayli qisqa muddatli tanaffuslar qilib turdi. 1 soat 45 daqiqa davom etgan operatsiya yarim tunda tugadi. Besh kundan so‘ng tana harorati normal holatga keldi, yana ikki kundan keyin iplar olib tashlandi.

“O‘sha paytda o‘zimga boshqa narsa haqida o‘ylashga yo‘l qo‘ymadim... Agar hushimni yo‘qotib qo‘ysam, Sasha Artemev menga ukol yuborardi – men unga shprits berib, uni qanday qilishni ko‘rsatdim... Men avtomatik ravishda ish rejimiga o‘tdim va shu vaqtdan boshlab hech narsaga qaramasdan e’tiborimni faqat operatsiyaga qaratdim.

Appendiksga yetish, hatto ko‘zgu bilan ham oson kechmadi. Bu asosan paypaslash orqali amalga oshirilishi kerak edi. Men tobora zaiflashib borardim, yuragim tez ura boshladi. Har to‘rt-besh daqiqada 20-25 soniya davomida dam oldim. Nihoyat, bu la’natli qo‘shimchani topdim. Uni olib tashlashning eng so‘nggi bosqichida ruhan tushdim: yuragim cho‘kib, sezilarli darajada sekinlashdi, qo‘llarim rezinadan qilingandek edi. Bu yomon tugasa kerak, deb o‘yladim. Qilishim kerak bo‘lgan narsa -  faqatgina appendiksni olib tashlash edi, xolos! Shundan so‘ng men najot topganimni angladim!”- degan edi bu haqda L.Rogozov.

Bahora Muhammadiyeva tarjimasi.