O‘z salohiyatini to‘laqonli namoyish qilgan talabalar korxonaga ishga olinadi

Suv ta’minotini yaxshilash va malakali mutaxassislarni sohaga jalb qilish bugunning muhim talablari. Ammo bu sohaga yetarlicha e’tibor qaratilyaptimi? Samarqand arxitektura-qurilish institutida, suv ta’minoti, kanalizatsiya va suv resurslarini muhofaza qilish fakulteti hamda “Suvoqova” davlat unitar korxonasi Samarqand shahar mutaxassislari uchrashib, sohaga oid yangiliklar borasida davra suhbati o‘tkazishdi.

- Zamon rivojlangani sari, barcha sohalar ham ildamlab bormoqda. Jumladan, suv tizimi sohasi ham. Mamlakatimizdagi olib borilayotgan islohotlar, bu sohaga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Yangi texnologiyalar, innovatsion yondashuvlar asta-sekinlik bilan bizning tizimga ham kirib kelmoqda. O‘z navbatida,  bajarayotgan ishimizga nisbatdan aholining talabi ham ortib bormoqda. Shuning uchun yosh, jo‘shqin, bilimli yoshlarni sohaga qamrab olsak, bu yangilanishlar bilan qadamba-qadam yurish imkoniga ega bo‘lamiz,  – deydi uchrashuvda “Suvoqova” DUK Samarqand shahar filiali rahbari Javohir Zokirov.

Tadbirda oliygoh rahbariyati va “Suvoqova” DUK talabalarning amaliyot o‘tashligi borasida ham kelishib olishdi. Shuni ham alohida qayd etish kerakki, amaliyot vaqtida o‘z salohiyatini to‘laqonli namoyish qilgan talabalar korxonaga ishga olinadi.

Azizbek QURBONOV.