Ozarbayjonda “O‘zbek kinosi kunlari” boshlandi

Kecha, 19 noyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Nizomiy nomidagi “Kino markazi”da "O‘zbek kinosi kunlari" haftaligining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Ozarbayjon Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Vagif Aliyev, O‘zbekistonning Ozarbayjondagi elchisi Sherzod Fayziyev, “O‘zbekkino” milliy agentligi bosh direktori o‘rinbosari Shuhrat Rizayev hamda madaniyat va san’at namoyondalari ishtirok etdi.

Marosimda so‘z olganlar ushbu kino haftaligi ikki xalq madaniyatini yanada yaqinlashtirish bilan bir qatorda, kino san’atining rivojlanishida muhim ahamiyatga ega. Chunki har ikki mamlakatda keyingi yillarda kino sohasi bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda.

Ta’kidlandiki, haftalik doirasida 6 ta badiiy, 4 ta hujjatli va 1 ta animatsion film namoyish etiladi. Ushbu filmlarda sevgi, yurtga bo‘lgan muhabbat va vatanparvarlik kabi mavzular yoritilgan.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda yiliga 80 ga yaqin turli janrlardagi filmlarni suratga olish rejalashtirilgan. Berilayotgan e’tibor va imkoniyatlar sabab bugun o‘zbek filmlarining sifati, mazmuni yaxshilanib boryapti hamda ular xalqaro kino festivallarida e’tirof etilmoqda.

Tadbirga yig‘ilgan ozarbayjonlik kino muxlislari hukmiga haftalikning ilk filmi - "Imom Abu Iso Muhammad Termiziy" badiiy filmi namoyish etildi.

“O‘zbekkino” milliy agentligi axborot xizmati.