O‘zaro janjal uyushtirgan talabalar “saf”dan chiqarildi, murabbiylariga “hayfsan” e’lon qilindi

Joriy yilning 6 mart kuni Zarnews.uz veb-saytida chop etilgan “SamDU talabalari o‘rtasida janjal kelib chiqdi” sarlavhali maqola e’lon qilingandi.

Holat Samarqand davlat universiteti ma’muriyati, yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti va jamoatchilik kengashi tomonidan o‘rganib chiqildi. O‘rganish jarayonida tarix fakultetining 1-bosqich talabalari O. R., Z.O., I.T., A.T., Sh.T., S.A.lar joriy yilning 4 mart kuni soat 12:20 larda darslar tugagandan so‘ng Samarqand shahrida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘iga borib, o‘zaro janjallashgan. Ushbu janjalda nafaqat universitet talabalari, balki Samarqand shahrining uyushmagan yoshlari ham ishtirok etishganligi ma’lum bo‘ldi.

Yuqorida nomlari qayd etilgan talabalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarorining 36-“g” bandiga asosan, ya’ni o‘quv intizomi va oliy ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalarini buzganligi uchun universitet talabalari safidan chiqarildi. Guruh murabbiylari L.Elimov va A.Xoliqulovga o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan qaraganligi uchun “hayfsan” e’lon qilindi.

Ushbu holat bo‘yicha universitet talabalarining Samarqand shahri bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘ining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha o‘rinbosari V.Ahmedov va yoshlar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i E.Ahrorov bilan uchrashuvi o‘tkazildi. Universitetdagi barcha guruhlarda yuqoridagi holat muhokama qilinib, talabalar o‘rtasida profilaktika ishlari olib borilmoqda.

Rustam XOLMURODOV,

SamDU rektori.