O‘zbek tilida gaplashamizmi?

Maʼlumotim boʻyicha huquqshunos oʻqituvchiman, baʼzan oʻzbek tili muammolari tilshunoslar bosh qotiradigan masala deb oʻylasam-da, lekin u barchamizning vazifamizga oʻxshaydi. Tadqiqotlar olib borish, dars oʻtish jarayonida doimo tilga oid muammolarga duch kelib, unga yechim izlab qolamiz. Hozirda dunyo boʻyicha oʻzbek tilida soʻzlashadigan 40 milliondan ortiq kishi bor deb hisoblanadi. Afgʻonistonda bu til uchinchi davlat tili deb eʼlon qilingan. Respublikamizda oʻzbek tilini davlat tili deb mustahkamlagan qonun, alohida oʻzbek tili va adabiyoti universiteti boʻlishiga qaramasdan bu tilning sofligini saqlash, lugʻat boyligini qoʻllash, rivojlantirish barchamizning burchimiz boʻlmogʻi lozim.

Albatta, har bir til boshqa tillar bilan mustahkam aloqada boʻlsa-da, eng avvalo, oʻzining ichki imkoniyatlariga tayanishi, lugʻat fondini asrashi, boʻlmaganlarini oʻziga yaqin tillardan olishi yoki bizgacha qanday yetib kelgan boʻlsa, shunday qabul qilshi mumkin, deb oʻylayman. Misol uchun, telekoʻrsatuvlarning birida katta olimga “traktor“ soʻzining oʻzbekcha ekvivalentini toping, deyishadi. Oʻzbekning otasi traktorni ixtiro qilmagan boʻlsa, bu oʻzbek tilida yoʻq-ku?! Xoʻp, mayli, oʻzimizda yoʻq soʻzlarni bizga qanday yetib kelgan boʻlsa, shunday olish mumkindir. Lekin nima uchun usmonli turklarning otalari samolyotni ixtiro qilmagan boʻlsalar-da, ular samolyotni “uchoq“ deb aytishadi va bunday deyish hech kimga malol kelmaydi. Yoki oʻzbek tilidagi asos, tushuncha iboralardan biri “Ona yer“. Ayting-chi, bu maʼnoni beradigan shundan qudratli soʻz bormi? Televideniye, matbuot xodimlari esa koʻp holatda “zamin“ deyishadi. Bu soʻzning oʻz oʻrni bor. Masalan, imoratning tagzamini. Hozirda tilimizda “dengiz“ soʻzi deyarli qoʻllanilmaydi. “Dengiz“ ham “ummon“, “ummon“ ham “ummon“. Bu ikki soʻz oʻzbek tilida ikki maʼnoga ega.

“Ummon“ (arab) – umuman, dengiz, okean degani emas. Alisher Navoiy gʻazallarida (Toʻla asarlar toʻplami, 10 jildlik, 2-jild, 399-gʻazal, 4-misra) hozirgi Arabiston shoʻr suvli dengizigina nazarda tutilgan. “Ummon“ – bu okean. Bu 11 kilometr chuqurlikdagi Mariana botigʻi kabi suvlar maʼnosida, dengiz esa behisob, qirgʻoqqa yaqin, okeanga tutash suvlar maʼnosida tushunilishi lozim. Yaʼni, kemalar ummondagina emas, dengizda ham suzadi.

Koʻp hollarda qalam ahli “boshdan kechirgan“ oʻrniga “sarguzasht“ soʻzini, kitob oʻqishni “mutolaa“, hayot kechirish, yashadik, umr oʻtkazdik oʻrniga “umrguzaronlik“ soʻzini qoʻllashadi. Televizordagi iboralarga qaraganda hofizlarimiz kuylamaydi, ashula aytmaydi, balki xonish qiladi.

Baʼzan oʻzbek tiliga olib kirilayotgan soʻzlar aynan oʻzbek tilida qoʻllaniladigan maʼnosini anglatmaydi. Oʻzbek tilida Oʻzbekistondan boshqa mamlakatlarni anglatuvchi, qoʻllanilishi yengil chet ellar, chet mamlakatlar, elchilik degan soʻzlar bor, ammo nima uchundir bularning oʻrniga “xorij“ soʻzi ishlatiladi. Ammo bu soʻz arab tilida “chet el“dan tashqari maʼnolarga ham ega.

Albatta, har bir til boshqa tillardan oʻtgan soʻzlar hisobiga boyib, sayqallanib boradi. Ammo bu degani, mazmuni tilimizdagi tushunchani anglatmasa-da, qoʻllayverish degani emas-ku. Bu holatni yuqorida koʻrib oʻtdik. “Zoʻr TV“da deyarli har kuni bir necha marta “Goʻllar iztirobi“ iborasi takrorlanadi: Bu nima? Gullar iztirobimi yoki goʻl, sodda kishilar iztirobimi?

Bunday misollarni koʻplab keltirish mumkin. Baʼzilarning oʻzbek tilida chala-chulpa, boshqa tillardagi soʻzlarni ham pala-partish aralashtirib gapirishi taʼbimizni xira qiladi.

Afgʻon oʻzbeklari nutqini eshitib koʻrganmisiz? Oʻzbekcha soʻzlar necha foizni tashkil qiladi? Bolalarimizga ism qoʻyishda ham oʻylab oʻtirmaymiz. – Mohigul, Sitora, Mohinur, Farangiz yoki arabcha ismlar – Shamsiddin, Xusomiddin, Sayfiddin va hokazo. Sarvar (f.t.) – yoʻlboshchi, boshliq, rahnamo maʼnolarini anglatadigan (E.Begmatovning “Oʻzbek ismlari“ Toshkent, 2007.) ismlar hozirgi kunda oʻzbek televideniyesi, radio, gazetada uchraydigan asosiy ismlardir. Vaholanki, asl oʻzbekcha oddiygina ismlar xohlagancha topiladi.

Albatta, biz, oʻzbeklar ota-bobolarimizdan ming yillar osha meros boʻlib kelayotgan, yonginamizdagi qoʻshni xalqlar tillaridan ham koʻp soʻzlarni qabul qilgan, turkiy-oʻzbek tilini hurmat qilib, faqat davlat tili qabul qilingan kundagina emas, u toʻgʻrisida har kuni, ish joyimizda, oilamizda, ijtimoiy-siyosiy faoliyatimizda gʻamxoʻrlik qilsak, qoʻllab-quvvatlasak ona tilimiz umr­boqiy til boʻlib qoladi. Oʻz tilimizga eʼtiborli boʻlsak, boshqa tillarni ham oʻrganib, qoʻllashimizga yordam beradi.

 

Ziyodulla MUQIMOV, professor.