O‘zbek-xitoy vaksinasi avgust oyidan yurtimizda ishlab chiqariladi

Innovatsion rivojlanish vazirligida kompaniya bosh muhandisi Van Chji Szyun, xorijiy mamlakatlarga eksport qilish bo‘limi direktori Chen Fan U ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Unda qayd etilishicha, Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical kompaniyasi bilan qisqa muddatlarda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandum imzolanishiga kelishildi.

Tomonlar O‘zbekistonda birinchi bosqichda avgust oyidan boshlab oyiga 10 million doza vaksina ishlab chiqarish va keyinchalik bu ko‘rsatkichni yiliga 300 million dozaga qadar olib chiqish bo‘yicha fikr almashdilar.

Shuningdek, Xitoy tomoni bilan yaqin kelajakda vaksina ishlab chiqarish texnologiyasini transfer qilinishiga kelishildi.

O‘zbekiston olim va mutaxassislarining mazkur sohadagi malakalarini oshirish maqsadida Xitoy va O‘zbekistonda bir vaqtda o‘qitish ishlari boshlanadi.