O‘zbekiston milliy terma jamoasini yana Vadim Abramov boshqaradi
Xabaringiz bor, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper o‘rtadasidagi shartnoma o‘zaro kelishuvga asosan bekor qilindi.
Milliy terma jamoamizda bundan buyon Vadim Abramov bosh murabbiy sifatida faoliyat olib boradi. O‘FA murabbiylar kengashi yurtimizdagi taniqli mutaxassislardan biri sanaladigan Vadim Karlenovich nomzodini ma’qulladi. Bilasiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi ushbu mutaxassis boshchiligida Qatar yashil maydonlarida o‘tgan “Osiyo kubogi-2011”da qit’a birinchiliklaridagi o‘zining eng yaxshi natijasini qayd etgan. Shuningdek, milliy terma jamoamizning o‘sha yorqin o‘yinlari muxlislarimizning hali ham yodida.
Vadim Abramovga murabbiylar shtabida O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida uzoq yillar muvaffaqiyatli o‘yin ko‘rsatgan va endilikda murabbiylik sohasida ham qisqa vaqt ichida tez o‘sishga erishib, muxlislar ishonchini qozonishga ulgurgan Timur Kapadze yordam beradi. Shuningdek, o‘zbek futboli muxlislariga yaxshi tanish bo‘lgan avstraliyalik tajribali mutaxassis Mirko Yelichich futbolchilarning jismoniy tayyorgarligi bilan shug‘ullanadi. Darvozabonlar bilan esa Denis Ivankov ishlashda davom etadi.