O‘zbekiston Qozog‘iston bilan aviaqatnovlarni tikladi
Bugun, 11 sentyabrdan e’tiboran Qozog‘iston bilan muntazam aviaqatnovlar rasman tiklandi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Qozog‘iston aviatsiya ma’muriyati bilan xalqaro muntazam yo‘lovchi aviaqatnovlarini tiklash bo‘yicha olib borgan muzokaralar yakuniga ko‘ra, «Uzbekistan Airways» va «Air Astana» aviakompaniyalariga sentyabr oyidan boshlab paritet tamoyili asosida “Toshkent–Olmaota–Toshkent” yo‘nalishida muntazam parvozlarni bajarishni boshlash bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi.
Mazkur yo‘nalish bo‘yicha qatnovlar haftaning juma kunlari amalga oshiriladi. Bugundan e’tiboran «Uzbekistan Airways» va «Air Astana» aviakompaniyalari ushbu yo‘nalishda parvozlarni bajarishni boshladi.
«Air Astana» aviakompaniyasining “Olmaota – Toshkent – Olmaota” yo‘nalishida parvozni amalga oshirgan samolyot bugun soat 12:40 da Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi.
Ushbu yo‘nalish bo‘yicha uchish istagida bo‘lgan yo‘lovchilar batafsil ma’lumotlarni aviakompaniyalarning rasmiy veb-saytlaridan olishlari mumkin.