O‘zbekistonda 200 dan ortiq erkak zo‘ravonlikka uchragan
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi boshqarma boshlig‘i Dilorom Qo‘ziyeva AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida reabilitatsiya markazlariga qilingan 2021 yildagi murojaatlar tahlili haqida ma’lumot berdi.
Hozirgi kunga qadar reabilitatsiya markazlariga 4200 dan ortiq fuqaro murojaat qilgan. Ularning 3827 tasi ayol, 169 tasi bola, 209 nafari erkak.
Murojaatchilarning 1347 tasi ruhiy, 845 tasi jismoniy, 23 tasi jinsiy, 394 tasi iqtisodiy, 1596 tasi boshqa masalalarda zo‘ravonlik holatlaridan shikoyat qilgan.
Tahlillarga ko‘ra, oilaviy zo‘ravonlik er-xotin o‘rtasida doimiy kelishmovchilik (1889 ta holatda), uchinchi tomon aralashuvi (457 ta holatda), ota-ona va farzand o‘rtasida (101 ta holatda) kelib chiqqan.
Vazirlik boshqarma boshlig‘i Mukarram Nurmatova esa joriy yil 4 oy davomida 12 806 ta oilaviy ajrashish kuzatilganini ma’lum qildi. Bu 2020 yil pandemiya sabab sud tizimi faoliyati cheklanganligi bois ajrashish uchun arizalar to‘planib qolgani va joriy yil boshida ajrimlar soni keskin oshgani bilan izohlandi.
Qayd etilishicha, 30 yoshgacha bo‘lganlar orasida oilaviy ajrashish 3674 tani tashkil etgan.
Oilaviy ajrimlarga asosan er-xotin o‘rtasidagi kelishmovchilik (48,4 foiz), uchinchi shaxs, qaynona-qaynota yoki qarindoshlar aralashuvi (17,4 foiz), yoshlarning oila qurishga tayyormasligi (11 foiz), moddiy yetishmovchilik, turmush o‘rtog‘ining ishsizligi va boshqa iqtisodiy qiyinchiliklar (6,3 foiz), bepushtlik (5,3 foiz), tomonlardan birining ichkilik, giyohvand modda yoki boshqa zararli odatlarga berilishi (5,5 foiz), ichki va tashqi migratsiya (3,5 foiz) sabab bo‘lgan.