O‘zbekistonda 661 nafar mansabdor shaxs korrupsiyada ayblanmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida jurnalistlar uchun tashkil etilgan brifing davom etmoqda, deb yozadi O‘zA.
Qayd etilganidek, joriy yil birinchi yarmida 661 nafar turli toifadagi mansabdor shaxslarga 590 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shu paytgacha 537 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Qolgan jinoyat ishlari bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.
Jinoyati fosh qilingan mansabdor shaxslarning 25 nafari respublika, 36 nafari viloyat va 476 nafari tuman, shahar miqyosidagi idoralar hamda korxona va tashkilotlardir.
Mazkur jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1 trillion 665 milliard so‘mlikdan ortiq zarar yetkazilgan. Tergov jarayonida ushbu zararning asosiy qismi undirilgan.
Jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarning 250 nafari o‘zganing mulkini talon-toroj qilgan. 48 nafari majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlagan. 71 nafar shaxs pora olish-berish yoki unda vositachilik qilgan. 51 nafari firibgarlik, 23 shaxs mansabni suiiste’mol qilgan va hokazo.