O‘zbekistonda karantin sentyabr oyigacha davom etishi rostmi?

Karantin qachon tugaydi? Hurmatli, Hukumat va Maxsus komissiya a’zolari! Turli ijtimoiy tarmoqlar, jumladan, telegram kanallarida ham “karantin 30 maygacha”, “sentyabrgacha” degan xabarlar tarqatilmoqda. Bu xabarlar aholi o‘rtasida turli xil gap-so‘z va vahimalarga sabab bo‘lmoqda. Shu nuqtai nazardan karantin qachongacha davom etishi haqida ommaga aniq rasmiy ma’lumot berishingizni so‘raymiz.

Ushbu savolga Adliya vazirligi matbuot kotibi Sevara Urinbayeva javob berdi.

“Karantin qachon tugashi haqida hali aniq ma’lumot mavjud emas. Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish sonining qisqarishi bilan karantin holati Maxsus komissiyaning qarori bilan bekor qilinishi mumkin. Bu haqda esa tegishli ravishda OAVda aholiga rasmiy ma’lumot beriladi.

Yolg‘on, asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatish jinoiy javobgarlikka tortilishga sabab bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga ko‘ra, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklarning paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkin.

Shuningdek, ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan ma’lumotlarni nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoki ommaviy axborot vositalari, shuningdek, Internet butunjahon axborot tarmog‘i orqali tarqatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin", dedi Urinbayeva.