O‘zbekistonda o‘smir qizlar o‘rtasidagi tug‘ruq holatlari kamaygan
O‘zbekistonda voyaga yetmagan qizlar o‘rtasidagi erta tug‘ruq holatlari tahlil qilinganda, 2017 yildan boshlab 11 yillik umumta’lim tizimiga o‘tilishi bilan erta tug‘ruq holatlarining soni pasayishi kuzatilgan.
Xalq ta’limi vazirligi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2016-2017 yillar davomida 15-17 yoshdagi qizlar o‘rtasida jami 429 tug‘ruq holati qayd etilgan bo‘lsa, 2018-2019 yillar davomida ushbu ko‘rsatkich 34 foizga kamayib, 284 tani tashkil qilgan.
Erta tug‘ruq holatlari sodir etilishi ko‘rsatkichining kamayishi holatini umumta’lim maktablarida tahsil olayotgan qizlar soni nisbatiga taqqoslaganda ham ko‘rish mumkin:
➖ 2017 yilda xalq ta’limi tizimida tahsil olayotgan har 12995 nafar qizga 1 ta tug‘ruq (umumiy qizlar soniga nisbatan 0,0076 %);
➖ 2018 yilda tizimda tahsil olayotgan har 15169 nafar qizga 1 ta tug‘ruq (umumiy qizlar soniga nisbatan 0,0066 %);
➖ 2019 yilda tizimda tahsil olayotgan har 23666 nafar qizga 1 ta tug‘ruq to‘g‘ri kelgan (umumiy qizlar soniga nisbatan 0,0042 %).
11 yillik ta’lim tizimining qaytgani mazkur muammoning mamlakatimiz miqyosidagi asosiy yechimi sifatida baholash mumkin. Sababi, maktabni tark etgan o‘quvchi kollej yoki litseyga borganda o‘zining axloqini bemalol, ijtimoiy nazoratsiz transformatsiya qilishi (o‘zgartirishi), o‘smir muayyan submadaniyatga osongina immitatsiya (taqlid) qilishi mumkin bo‘lgan va bu jarayonda uni yangi ijtimoiy guruh shundayligicha qabul qilgan.
Bugungi kunda xalq ta’limi tizimida manfaatdor vazirlik va tashkilotlar bilan birgalikda voyaga yetmaganlar orasida erta tug‘ruq holatlarining oldini olish maqsadida “Mustahkam oila”, “Ahil oila”, “Hayotga qo‘shil”, “Ijobiy fikrlashni o‘qitish” kabi targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.