O‘zbekistonda xonadagi koronavirus infeksiyasini o‘ldiruvchi qurilma yaratildi

O‘zbekistonda havo va narsa-buyumlar yuzasidagi infeksiyalar, xususan, Covid-19 virusini yo‘q qiluvchi qurilma ixtiro qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA.

«Biogenetik» ilmiy ishlab chiqarish korxonasi direktori Olimjon Yusupov «Innoweek.uz – 2020» innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasidagi ko‘rgazmada ushbu qurilma haqida ma’lumot berdi.

Uning aytishicha, qurilma koronavirusni o‘ldirish xususiyatiga ega bo‘lib, bir necha bosqichli sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan.

— Qurilma o‘zidan to‘yintirilgan elektronlar chiqaradi. Dastlabki sinovlarda ob-havodagi barcha zararli mikroblarni yo‘q qildi, — dedi O.Yusupov. — Uni takomillashtirib, yangi modelini yaratgach, koronavirusga ham sinov o‘tkazib ko‘rdik. Natijalar ijobiy chiqdi. Qurilma havodagi va narsalar yuzasidagi koronavirusni butkul yo‘q qildi. Maqsadimiz havodagi virusni zararsizlantirgandan so‘ng, uni yerga tushirib yuvib tashlamoqchi edik. Shu jarayonda havodagi virusni qobiqqa ola oldik. Mikrob parchasini yerga tushirdik. Keyingi bosqichda nihoyat virusni havoda turgan joyida o‘ldira oldik. Bu qurilmaga vaksina yoki boshqa biror dori qo‘shilmagan. Texnologiyaning o‘zi viruslarni o‘ldirish xususiyatiga ega. Kashfiyotchilarga ko‘ra, uskuna 12 voltli tokda ishlaydi. Tok yo‘q paytda batareyadan ham foydalanish mumkin.

«Innoweek.uz – 2020» haftaligining ilk kunida mazkur qurilmani ishlab chiqarish bo‘yicha «Genotexnologiya» kompaniyasi bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Ma’lum qilinishicha, yaqinda qurilmani ishlab chiqarish ishlari boshlab yuboriladi.

Eslatib o‘tamiz, bu yilgi Innovatsion g‘oyalar haftaligi 3–8 noyabr kunlari onlayn tarzda o‘tkazilmoqda. Xalqaro tadbirni tashkil etishda maxsus platforma yaratilgan bo‘lib, unda dunyoning 50 dan ortiq mamlakatidan 2 ming nafar ishtirokchi turli g‘oya va ishlanmalari bilan qatnashyapti.