O‘zbekistondagi eng birinchi maktab Jomboy tumanida ochilganmi?

Bugungi kunda Jomboy tumanida 39 ta arxeologik, 6 ta arxitektura yodgorliklari rasmiy ro‘yxatga kiritilgan. Ularning ayrimlari eramizning dastlabki davrlariga oid.

Birgina misol, Ko‘kgumbaz mahallasida ro‘yxatga olingan nomsiz tepa arxeologiya yodgorligini antik davr tarixi bilan shug‘ullangan olimlar milodiy I asrga mansub, degan xulosaga kelishgan.

Bunday maskanlarning ko‘pchiligi haqida jamoatchilik yetarli ma’lumotga ega emas. Ayrimlari hatto ilmiy jihatdan o‘rganilmagan ham.

Misol uchun, tumanning Holvoyi mahallasida bugungi kunda ham faoliyat yuritayotgan umumta’lim maktabi jadid allomasi Saidahmad Siddiqiy-Ajziy tomonidan 1903 yilda barpo etilgan. Ammo ushbu ma’rifat o‘chog‘i haqida, uning tarixi, kechmishi borasida ilmiy izlanishlar olib borilmagan. Oqibatda respublika jamoatchiligi Ajziy maktabi haqida deyarli ma’lumotga ega bo‘lmagan.

Yoki Nogahon mahallasini olaylik. Ushbu hududda “Yakanshik” toponimi ostida yuritiladigan qishloq va shu nomdagi ziyoratgoh mavjud. Professor Komilxon Kattayev, Mirzo Mehrojiddin kabi tarixshunos olimlarning fikricha, bu maskanda tasavvuf ilmining yetuk bilimdoni, Yassaviya tariqati namoyandasi, shoir va olim Kamoliddin Oqoniy-Aliobodiy yashab o‘tgan. Xalq orasida Oqon shayx, deb yuritilgan zot vafot etgach, shu hududga dafn etiladi. Mos ravishda Oqon shayx qishlog‘i etnonimi yuzaga keladi. Ammo vaqtlar o‘tishi bilan bu atama tildan tilga ko‘chib, Yakonshayx, Yakonshik, Yakanchik tarzida qo‘llanilgan. Achinarlisi, bugungi nogahonliklar ham bu ajdodimiz haqida deyarli hech narsa bilmaydi.

Holvoyi qishlog‘ida Aymaxo‘ja Shamsiddin Holvoyi ismli buzrug shayxning qabri bor.

Hududning Chalaqo‘rg‘on, deb yuritiladigan maskani haqida ulug‘ sarkarda va iste’dodli shoir Zahiriddin Muhammad Bobur barpo ettirmoqchi bo‘lgan, Shayboniyxon hujumi natijasida chala qolgan qo‘rg‘on haqidagi rivoyatlar bor.

Afsuski, bularning barchasi o‘tmish pardasi ostida qolib, yo‘qlik sari yuz tutmoqda. Shu bois, tumandagi tarixiy maskanlarni qayta ro‘yxatga olish, ularning tarixini arxeologik, etnografik, lingvistik, etimologik masshtabda o‘rganish lozim.

Aynan shu zaruratdan kelib chiqib, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining xalq deputatlari Jomboy tuman Kengashidagi deputatlik guruhi masalani navbatdagi sessiya kun tartibiga kiritgan.

Sessiya qarori bilan mavjud tarixiy ob’yektlarni atroflicha o‘rganish, ularni viloyatning sayyohlik mashrutlari ro‘yxatiga kiritish choralarini belgilash ko‘zda tutilmoqda. Qolaversa, mahalliy byudjet hisobidan zarur mablag‘ ajratib, tarixiy maskanlarni restavratsiya qilish va atrofini obod qilish rejalashtirilgan.

Yoqubjon MARQAYeV.