O‘zbekistondan Rossiyaning 10 ta shahriga avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi
Joriy yilning dekabr oyidan boshlab O‘zbekistondan Rossiyaning Moskva, Samara, Peterburg, Ufa kabi 10 ta shahriga muntazam avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zAning yozishicha, “Uzavtotrans Service” MChJ korxonasiga banklardan biridan olingan 20 million dollar kredit mablag‘i hisobidan Xitoyning “Zhengzhou Yutong Bus Co Ltd” kompaniyasidan 168 dona zamonaviy avtobus va ehtiyot qismlar olib kelingan.
“Uzavtotrans Service” MChJ korxonasi tomonidan kelasi oy – dekabrdan boshlab Rossiyaning 10 ta shahriga muntazam avtobus qatnovlari yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.
– Ayni paytda 19 ta mahalliy va 10 xalqaro, jami 29 ta yo‘nalish bo‘yicha yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatyapmiz, – deydi “Uzavtotrans Service” MChJ bosh direktori A.Hamroliyev. – Kelasi oydan boshlab xalqaro yo‘nalishlar yana 10 taga ortadi. Yo‘nalishlarga zamonaviy 168 ta avtobus qo‘yilgan.
Qayd etilishicha, yo‘nalishga chiqayotgan avtobus texnik, haydovchilar esa tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi, avtobuslarning sanitar holati nazorat qilinadi. Qatnov jarayoni GPS tizimi orqali onlayn tarzda nazorat qilib boriladi.