"O‘zbekkino" Markaziy Osiyodagi eng yirik kino ishlab chiqarish bazasini yaratadi

"O‘zbekkino" milliy agentligi o‘zining texnologik bazasini keng ko‘lamli qayta jihozlashni boshladi.

Daniya poytaxti Kopengagen shahrida “O‘zbekkino” milliy agentligi va Daniyaning “Danmon Group” kompaniyasi o‘rtasida "O‘zbekfilm” kinostudiyasi kino uskunalari, texnologik tizimlari va multimedia mahsulotlari bilan jihozlash bo‘yicha yirik loyihani amalga oshirish yuzasidan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tomonlar badiiy filmlar, hujjatli filmlar, multiplikatsion filmlar tayyorlash uchun asbob-uskunalarni yetkazib berish masalalarini muhokama qildi. Loyiha yaqin ikki yil ichida amalga oshiriladi. Kino jihozlarini modernizatsiya qilish bilan bir qatorda, “O‘zbekfilm” kinostudiyasi maydonchasi qayta ta’mirdan chiqariladi.

"O‘zbekkino" milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqovning ta’kidlashicha, kompaniyaning texnologik bazasi va uning bo‘limlarini har tomonlama qayta jihozlash Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq amalga oshiriladi.

Loyihada “O‘zbekfilm”ning film yaratish jihozlari va hujjatli filmlar kinostudiyasi, multiplikatsion studiya hamda respublika kino fondining to‘liq yangilanishi ko‘zda tutilgan.

Yangi jihozlar yordamida davlatimiz va xorij arxiv fondlarida saqlanayotgan kinotasmalarni raqamlashtirish va qayta tiklash imkonini qo‘lga kiritamiz.

CANON, APPLE, VICON va shu kabi boshqa kompaniyalar "O‘zbekkino"ga Markaziy Osiyodagi eng yirik kino ishlab chiqarish bazasini yaratish imkonini beradi.

Barno O‘NGBOYeVA,

"O‘zbekkino" milliy agentligi matbuot kotibi.