“O‘zbekkino” milliy agentligiga yangi direktor tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qaroriga binoan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Firdavs Abduxoliqov “O‘zbekkino” milliy agentligi direktori etib tayinlandi.

Firdavs Abduxoliqov ayni paytga qadar bir qator hujjatli filmlarga prodyuserlik qilgan. Uning rahbarligida O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan, Rossiya telekanallari bilan hamkorlikda “O‘zbekiston – qumliklar javohiri”, “Qoraqalpog‘iston vaqt qumliklari oralab”, “O‘zbekiston. Qo‘lga kiritilgan kashfiyotlar”,  “Nukus. Noma’lum kolleksiya” singari hujjatli filmlar suratga olingan.

Shuningdek, Firdavs Abduxoliqov BBC, EURONEWS, CNBC  va boshqa bir qator xorijiy kompaniyalar bilan birgalikda ko‘plab medialoyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Yaqinda efirga uzatilgan  «Katta Langar Qur’oni: sirlar va haqiqatlar» hujjatli filmi shular jumlasidan.

Joriy yilning avgust oyida «Rossiya-Kultura» telekanalida  “O‘zbekiston. Sevgi haqida afsonalar” hujjatli filmi namoyish qilindi.

Firdavs Abduxoliqov 2018 yilda Sankt-Peterburgda “O‘zbekiston madaniy merosi dunyo to‘plamlarida” loyihasi doirasida o‘tkazilgan II Xalqaro kongressda 300 dan ortiq jahon olimlari tashabbusi bilan tuzilgan O‘zbekiston madaniy merosini asrash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyatining raisi hisoblanadi.